
Ispaniyaning markaziy bahsida braziliyaliklar bosh qahramon yoxud o‘z mavqeiga qaytgan "El-Klasiko" (Prevyu)
"Santyago Bernabeu" butun dunyo e’tibor markazida.
La Ligada mavsum boshidan beri mag‘lub bo‘lmayotgan, so‘nggi bahsida 30 daqiqa ichida gollar shousi qilib tashlagan "Real Madrid" mahalliy liga peshqadami bo‘lib turgan va "qaymoqranglilar"ga qarshi bellashuv oldidan qit’aning boshqa mahalliy ligasida birinchilikni band qilib turgan "Bavariya"ni yirik farq bilan mag‘lub etgan holda, olti o‘yinlik "qora an’ana"ga chek qo‘ygan "Barselona"ni o‘z uyida qabul qiladi.
Jamoalar joriy yil hisobida allaqachon ikki marotaba to‘qnash keldi. 15 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan o‘yinda bellashuv oldidan favorit ekanligi aytilgan "Real" o‘ziga berilgan tarifni oqladi. Mazkur bahsda jamoalar Ispaniya Superkubogi uchun bellashdi. Mezbon "qaymoqranglilar" birinchi bo‘limning o‘zida o‘yin taqdirini hal qilib qo‘ydi (3:1). Yakuniy hisob 4:1 "Real" foydasiga.
Ikkinchi bellashuv La Liga o‘tgan mavsumining 32-turi doirasida bo‘lib o‘tdi. 90+1 daqiqada Bellingem tomonidan kiritilgan gol "Los-Blankos"ga 3:2 hisobidagi g‘alabani olib keldi.
26 oktyabr kuni bo‘lib o‘tuvchi o‘yin esa nafaqat La Liganing, balki, TOP-5 liganing markaziy bahsi bo‘ladi. Bu gal ham mezbon Madrid jamoasi.
O‘z mavqeini tiklab olgan "El Klassiko".
"Real Madrid" va "Barselona" to‘qnashuvini yuqori darajaga olib chiqqan tirik afsonalar Messi va Ronaldu davridagi "El-Klasiko" muxlislar xotirasida abadiy qolgan. Jangovar va hozirgi futboldan farqli o‘laroq tezlik va qarshi hujumlarga emas, jamoaviy harakatlar va taktika orqali tashkil etiladigan hujumlar endi yo‘q. Biroq, navbatdagi bahs aynan ikki afsonasiz kechgan o‘yinlar orasida eng yaxshisi bo‘lishi kutilmoqda.
Sababi, so‘nggi ikki yil ichida ikki jamoa ham biz ko‘rgan eski "El-Klasiko"lar darajasidan ancha past edi. Hattoki, so‘nggi paytlarda o‘z mavqeini yo‘qotib borayotganligini ta’kidlasak xato bo‘lmaydi.
Ispaniya ligasining markaziy bahsida braziliyaliklar bosh qahramon.
"Oltin to‘p" uchun nomzodlar orasida peshqadamlik qilayotgan Vinisius uchun mazkur sovrinning topshirilishi oldidan "El-Klasiko"dagi g‘alaba juda muhim. Garchi yaqqol favorit bo‘lgan taqdirdayam ushbu g‘alaba vingerning bu mukofot uchun munosiblik foizlarini yanada oshiradi. Futbolchi "Borussiya Dortmund"ga qarshi to‘qnashuvning o‘zidayoq "Nega bu sovrinni u olishi kerak?", "U bunga qanchalik loyiq" va shu kabi bir necha savollarga javob berib qo‘ydi. Joriy mavsumda uning muallifligidagi gollar va golli uzatmalar soni o‘tkazgan bahslaridan ko‘pligi ajoyib formada ekanligining yaqqol isboti (14 o‘yin 8 gol 7 golli uzatma).
Vinisius bir necha mavsumdan beri shunday ko‘rsatkichlar bilan kelmoqda. Biroq, bu safar tanganing ikkinchi tomonida ham qo‘rqinchli statistika bilan "El-Klasiko"ga yetib kelgan futbolchi bor. Qizig‘i u Vinisiusga ham begona emas - Rafinya. Yozgi transferlar oynasida Saudiyaga sotib yuborib, uning o‘rnini Nikoga bermoqchi bo‘lgan "ko‘k-anorranglilar" rahbariyati bugun Uilyamsga minnatdorchilik bildirayotgan bo‘lsa ajab emas. Sababi, braziliyalik vinger qilayotgan aqlbovar qilmas harakatlarni Niko muallifligida ko‘rmasligimiz mumkin edi. Rafinyaning joriy mavsum umumiy bahslardagi ko‘rsatkichlari Vinisiusnikidan biroz ustun bo‘lib turibdi (13 bahs 9 gol 8 golli uzatma). Bu esa Flikning sa’y-harakatlari mevasi ekanligi aniq.
Bu futbolchilarning ikkisi ham mazkur bahsga xet-trik qayd etgan holda ko‘tarinki kayfiyat bilan kelmoqda. Mbappe va Yamal qarama-qarshiligini keyinga qoldirishga to‘g‘ri keladi. Sababi, braziliyaliklar asosiy "rol"ni ulardan tortib olishdi.
Shunday ekan, navbatdagi "El Klasiko"da yaqqol favorit yo‘q. G‘alaba uchun harakat qilgan jamoa g‘olib bo‘ladi!
Jahongir Inomjonov
Fikrlar