Ivan Yosovich: O‘zbeklar mehmondo‘st, bu erda uzoqroq qolishimga ishonaman

  • 16 aprel, 2020, 16:55
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Yaqinda saytimiz orqali chempionatimizdagi legionerlar haqida maqola chop etgandik. Jami 47 nafar xorijlik futbolchilar orasida ilk bor Superligamizda to‘p surayotgan legionerlar ham bor, albatta. Shunday ekan, ularning hammalari ham muxlislarimiz uchun tanish emas. Buning uchun esa biz ularni siz o‘quvchilarga yaqindan tanishtirib borishimiz maqsadga muvofiqdir. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, joriy mavsumda chempionatimizda ilk bor to‘p surayotgan xorijlik o‘yinchilardan biri “Qo‘qon-1912” sharafini himoya qilayotgan serbiyalik Ivan Yosovich bizning bugungi “nishonimiz”ga aylandi.

Avvalo shuni ta’kidlash joizki, yangi mavsumda qo‘qonliklar tarkibida uch nafar legioner ro‘yxatdan o‘tdi. Bular – serbiyalik Ivan Yosovich bilan Filip Rayevats hamda Kot-dIvuardan Yakuba Bamba. Muxlislar Rayevatsni yaxshi bilishadi. Chunki u bungacha “Qo‘qon-1912” hamda “Bunyodkor”da faoliyat olib borgan. Yakuba Bamba esa yaqinda dastlabki intervyusini berdi va har holda u haqida ham o‘quvchilarda oz bo‘lsa-da ma’lumotlar yo‘q emas. Yosovich esa hozirgacha matbuotda chiqish qilgani yo‘q. Ammo uning bungacha o‘tkazgan o‘yinlari muxlislarda yaxshi taassurot qoldirdi deyish mumkin.   

- Mening agentim “Qo‘qon-1912” variantini taklif qildi. Jamoa bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov esa menga ishondi, natijada o‘z jamoasiga jalb qildi, - deya Qo‘qonga qay tariqa kelganini esladi, Yosovich.

Shuningdek, Ivanning bunga qadar o‘tkazgan faoliyati qanday kechgan? Bu ham muxlislar uchun o‘ziga yarasha qiziq, shunday emasmi? Har holda sevimli jamoasida to‘p surayotgan legionerlarning oldingi faoliyatini ham bilishga qiziqishadi. Yosovich esa bu boradagi xotiralarini eslar ekan, shunday dedi:

- Ilgari men asosan Serbiyada, serb Superligasida to‘p surganman. Aytishim mumkinki, salkam 200 ga yaqin uchrashuvlarda maydonga tushganman. Shuningdek, Serbiya U-21 terma jamoasida ham bir qancha o‘yinlarda ishtirok etganman. Bundan tashqari, Ukrainaning “Spal” hamda Chexiyaning “Sigma” kabi jamoalarida qisqa fursat o‘ynaganman.

yosovich

Xabaringiz bor, Superligamizda yana bir qator serbiyalik futbolchilar ham to‘p surishmoqda. Tabiiyki, ular bir-birlarini tanishlari va oralarida o‘zaro do‘st tutinganlari ham bor. O‘z navbatida “Qo‘qon-1912”ning serbiyalik futbolchisi ham chempionatimizda o‘ynayotgan hamyurtlari orasida do‘stlari borligini ta’kidladi.

- Men “Surxon”da to‘p surayotgan Husniddin G‘ofurovni juda yaxshi bilaman. U o‘z vaqtida Serbiya chempionatida to‘p surgan. Shuningdek, AGMKda o‘ynayotgan Yovan Jokich, “So‘g‘diyona”dagi Marko Kolakovich, jamoadoshim Filip Rayevats, umuman barchasi mening do‘stlarim. Chunki bu do‘stlarimni 10 yil va undan ham ortiqroq vaqtdan beri yaxshi taniyman. Shu bilan birga O‘zbekiston chempionatida to‘p surayotgan yana boshqa serb futbolchilarini ham bilaman.

Oxirgi bor 15 mart kuni chempionatimizda rasmiy o‘yin o‘tkazilgandi. Mana, shundan beri karantin tufayli Superliga bahslari ham noma’lum muddatga qoldirilgan. Bunday paytda esa futbolchilar uyda qolgan holda individual tarzda o‘z ustilarida ishlashayotgani haqida o‘qib, eshitib turibmiz. Ivan esa bunday paytda nima bilan band bo‘layotganini aytdi.

- Albatta, futbol hamda mashg‘ulotlar etishmayotganidan zerikyapman. O‘zbek hukumatining tamoyillariga rioya qilgan holda individual tarzda shug‘ullanyapman. Shuningdek, bo‘sh vaqtlarimda serial tomosha qilyapman. Umid qilamanki, karantin juda tez o‘tib ketadi va biz mashg‘ulotlarimizga yana qaytamiz.

yosovich5

Uning yurtimizga ilk bor kelgani va chempionatimizda debyut mavsumini o‘tkazayotgani sababli Yosovichning yangi mamlakatga, yangi klubga va yangi mentalitetga moslashishiga ham vaqt kerak bo‘ladi. Xo‘sh, u bunday jarayonlarni qanday o‘tkazmoqda? Bungacha Evropada o‘ynagan o‘yinchi sifatida bu erda qanday farqlarni ko‘rmoqda? Serbiyalik legioner shu va yana boshqa masalalarda ham o‘z fikrlarini quyidagicha bildirdi.  

- Bu erda futbol Evropadagidan ancha farq qiladi. Albatta, bu oson emas va ko‘nikma hosil qilish uchun vaqt kerak. Ammo “Qo‘qon-1912”dagi shart-sharoitlarga yaxshi moslashib oldim deb hisoblayman. Mentalitetga kelsak, bu erlik insonlar juda samimiy va yaxshi, mehribon. Shu paytgacha menda biror-bir muammo yuzaga kelmadi. Asosiysi, o‘zbeklar juda mehmondo‘st.

Chempionatda ham juda yaxshi start oldik. Lekin birinchilikning pandemiya tufayli to‘xtatib qolingani afsuslanarli bo‘ldi. Hozir biz musobaqa jadvalida uchinchi o‘rinni egallab turibmiz. Jamoaga, murabbiyga, klubdagi barcha insonlarga ishonaman. Asosiysi, Qo‘qondagi muhit a’lo darajada. O‘yinchilar ham yaxshi. O‘ylaymanki, chempionatni yuqori o‘rinda bemalol yakunlay olamiz.

E’tiborlisi “Qo‘qon-1912” o‘yinlarini yaxshi o‘tkazib, gollar urish borasida ham samaradorlik ko‘rsatmoqda. Shaxsan o‘zimga kelsak, bu erda o‘zimning eng yaxshi sifatlarimni ko‘rsatishni istayman. Yana shuni qo‘shimcha qilishim kerakki, O‘zbekistonda bundan keyin ham uzoqroq qolishga harakat qilaman va bunga ishonaman, - deya o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi, Ivan Yosovich.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!