Jahon boksi rekordchisi o‘z uyi oldida shafqatsiz o‘ldirildi
Ikki vazn toifasida sobiq jahon chempioni hisoblangan Zolani Tete (29-4-1, 22 KO) 38 yoshida Janubiy Afrikada otib o‘ldirildi, deb xabar bermoqda Boxingscene manbasi.
Hodisa juma kuni kechqurun Sharqiy Kap provintsiyasidagi Mdantane shaharchasida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Tete avtomashinasiida uyi oldiga kelib, darvoza ochilishini kutgan paytda hujumga uchragan. Shu vaqtda yuzi niqoblangan, qurollangan ikki kishi mashinaga yaqinlashib, o‘q uzgan.
Bokschi mashinasi bilan hovliga kirib ulgurgan, ammo og‘ir yaralanib, voqea joyida halok bo‘lgan. U bilan birga bo‘lgan 27 yoshli ayol ham o‘qotar quroldan jarohat olib, juda og‘ir ahvolda shifoxonaga yetkazilgan. Hujumchilar voqea joyidan qochib ketishgan, politsiya qotillik yuzasidan tergov olib bormoqda.
«Last Born» laqabi bilan tanilgan Zolani Tete ikkinchi engil vazn toifasida IBF, engil vaznda esa WBO versiyalari bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgan. 2017 yilda u boks tarixiga kirgan: hamyurti Siboniso Gonyuni atigi 11 soniyada nokautga uchratgan. Bu natija jahon chempionlik janglari orasida eng tez nokaut bo‘yicha rekord sifatida qayd etilgan.
Tetening oxirgi jangini 2022 yil iyulida britaniyalik Jeyson Kanningemga qarshi o‘tkazgan. Avvaliga u raqibini nokaut bilan mag‘lub etgan, ammo keyinchalik stanozolol moddasiga ijobiy doping-test sabab natija «amalgа oshmagan jang» sifatida o‘zgartirilgan. Antidoping qoidalarini buzgani uchun bokschi to‘rt yilga musobaqalardan chetlatilgan, diskvalifikatsiya muddati 2026 yil 29 iyulda tugashi kerak edi. Shu muddat yakunlangach, Tete professional ringga qaytishga hozirgarlik ko‘rayotgan edi.

Fikrlar