Jahon chempionati. "B" guruhi vakillari mundiallarda qanday ishtirok etgan?
AQSh, Kanada va Meksika yashil maydonlari mezbonlik qiladigan Jahon chempionatining "B" guruhidan o‘rin olgan terma jamoalarning shu vaqtgacha mundiallardagi ishtiroki bilan tanishing.
"B" guruhidan o‘rin egallagan birinchi terma jamoa musobaqa mezboni Kanada vakillari hisoblanadi. KONKAKAF vakillari shu vaqtgacha mundiallarda 2 marotaba ishtirok etgan. Dastlab, 1986 yilda Meksika mezbonlik qilgan Jahon kubogida debut qilgan. Musobaqa Kanada uchun guruh bosqichining o‘zidayoq yakuniga yetgan edi. Oradan 36 yil o‘tib Qatarda bo‘lib o‘tgan turnirda Kanada terma jamoasi yana ko‘rinish berdi. Biroq bu safar ham mundial Shimoliy Amerika qit’asi vakillari uchun guruh bosqichida yakun topadi. Terma jamoa raqiblar darvozasiga 2 ta mundialda bor-yo‘g‘i 2 marta gol urishga muvaffaq bo‘lgan. Ularning bittasi esa avtogol hisoblanadi. Kanadaning yagona goli muallifi "Bavariya" himoyachisi Alfonso Devis hisoblanadi. 
Guruhning ikkinchi jamoasi Osiyoning amaldagi chempioni Qatar. Qit’adoshlarimiz Jahon chempionatida faqatgina 1 marta ishtirok etishgan xolos. 2022 yilda o‘z uylarida bo‘lib o‘tgan musobaqada Qatar terma jamoasi debut qiladi. Ilk ishtirok Osiyo chempionlari uchun muvaffaqiyatli o‘tmaydi. Guruh bosqichidagi uchala uchrashuvda ham ular mag‘lubiyatga uchraydi. Dastlab, Ekvadorga 0:2, ikkinchi turda Senegalga 1:3 va so‘nggi turda Niderlandiya terma jamoasiga ham 0:2 hisobida yengilib, musobaqa bilan xayrlashadi. Mundialdagi yagona gol esa Muntari hisobiga yozilgan. 
Uchinchi jamoa har qanday musobaqada, istalgan jamoaga bosh og‘riq bo‘la olishi mumkin bo‘lgan Shveytsariya terma jamoasi. Ushbu yurt vakillari shu vaqtgacha, 12 ta mundialda ishtirok etishga muvaffaq bo‘ldi. Yevropa qit’asi vakillarining Jahon chempionatlaridagi eng yaxshi natijalari chorak final bosqichi hisoblanadi. 1934,1938 hamda 1954 yillardagi turnirlarda kuchli sakkizlikdan joy olgan. Shveytsariya terma jamoasi so‘nggi mundialdagi yurishini nimchorak final bosqichida yakunlagan. Jamoa safida 4 ta JChda 14 ta uchrashuvda maydonga tushgan Jerdan Shakiri eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi hisoblanadi. Eng yaxshi to‘purar esa Jozef Hughi hisoblanadi. U terma jamoa uchun mundiallarda 6 ta gol urishni uddalagan. 
To‘rtinchi jamoa esa pley-off bosqichidan so‘ng aniq bo‘ladi. Uels, Bosniya, Italiya hamda Shimoliy Irlandiya terma jamoalari JCh yo‘llanmasi uchun bahs olib boradi. Ularning faqat bitta mundial chiptasiga ega chiqib, ushbu guruhni to‘ldiradi.



Fikrlar