Jahon chempionati g‘olib va sovrindorlari taqdirlanishdi
Xabaringiz bor, 2021 yil 18-29 noyabr kunlari Turkiyaning Antaliya shahrida 100 katakli shashka bo‘yicha imkoniyati cheklangan (ko‘rish qobiliyati zaif) insonlar o‘rtasida o‘tkazilgan Jahon chempionatida O‘zbekiston sport delegatsiyasi munosib ishtirok etgandi.
Ilk bora tashkil etilgan musobaqada vakillarimiz 12 nafar sportchi bilan ishtirok etib, jamoaviy va shaxsiy birinchilikda 7ta oltin, 10ta kumush va 3ta bronza medaliga sazovor bo‘lishdi.
Bugun poytaxtimiz Toshkentda ushbu musobaqaning g‘olib va sovrindorlari bo‘lgan 10 nafar sportchi hamda 2 nafar murabbiy taqdirlandi. Marosimda Turizm va sport vazirligi hamda O‘zbekiston ko‘zi ojizlar sport jamiyati mutasaddilari ishtirok etishdi.
- Albatta, bizning arzimas xizmatimiz shunday darajada e’tirof etilganidan behad mamnunmiz, – dedi biz bilan o‘z taassurotlarini o‘rtoqlashar ekan terma jamoa bosh murabbiyi Sunnat Xolliev. – Ushbu rag‘bat bizga motivatsiya berib, yangi g‘alabalar sari ruhlantiradi. Shu o‘rinda ta’kidlashni istardim, so‘nggi yillarda Turizm va sport vazirligi tomonidan barcha sport turlari qatorida imkoniyati cheklanganlar sporti ham har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xalqaro musobaqalarda muntazam ishtirok etib kelmoqdamiz. Bu esa sportchilarimizning mahorati o‘sishiga xizmat qiladi va yutuqlarimiz salmog‘i yanada ortadi, degan umiddaman.



Fikrlar