Jahongir Qoraboev: "Yaxshi jangovar sambo ustasi MMAda ham yuqori natijalar qayd eta oladi"

  • 31 mart, 2021, 21:45
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • MMA
CHERY AUTO

Yurtimizda jangovar sambo hamda MMA sport turlari jadal sur’atlarda rivojlanib boryapti. Albatta, bu borada har bir viloyatdan yuqori saviyadagi atletlar etishib chiqmoqda. Shubhasiz, buning zamirida tajribali, bilimli murabbiylarning o‘rni beqiyos sanaladi.

Yuqorida sanab o‘tilgan ikki yakkakurash turi bo‘yicha Andijon viloyati yurtimizda etakchilar qatorida e’tirof etiladi. Bunda O‘zbekiston jangovar sambo terma jamoasi bosh murabbiyi Jahongir Qoraboevning xizmatlarini alohida ta’kidlab o‘tish zarur. Ushbu murabbiy bir necha yillardan buyon yosh sportchilarga saboq berib, xalqaro arenalarda munosib natijalar ko‘rsatishiga sababchi bo‘lib kelmoqda.

Biz ushbu murabbiy bilan bog‘lanib, suhbatga tortdik...

- Sizni murabbiy sifatida juda yaxshi bilamiz. Ajoyib kadrlarni tarbiya qilgansiz va buni yana davom ettirmoqdasiz. Biroq, bizga sportchilik faoliyatingiz ham qiziq?

- 1985 yilda sport olamiga kirib kelganman. Faoliyatimiz mobaynida O‘zbekiston chempioni bo‘ldim. Sobiq Ittifoqda tashkil etiluvchi xalqaro turnirlarda g‘olib va sovrindor bo‘lganmiz. Afsuski, 1993 yilgi jahon chempionatiga moliyaviy muammo tufayli bora olmagandim. Umuman olganda, sportchilik faoliyatimdan nolimayman.

- Shogirdlaringizni MMAdagi muvaffaqiyatlarini nima bilan izohlagan bo‘lardingiz? Sababi, jangovar samboni mukammal o‘zlashtirganidami?

- Endi, jangovar sambo MMAga eng yaqin sport turi bo‘lganligi tufayli, yaxshi jangovar sambo ustasi aralash jang san’atlarida ham o‘zini erkin xis qiladi. Misol uchun, Fyodor Emelyanenko va Habib Nurmagomedovni aytib o‘tishimiz mumkin.

- Andijon viloyatini oladigan bo‘lsak, sambo va MMA borasida qaysi tuman vakillari faolroq va yaxshi natijalar qayd etishadi?

- Andijon shahri, Asaka, Shahrixondan sambo bo‘yicha O‘zbekiston chempionlari, MMAdan ham yuqori natijalar qayd etayotganlar ko‘plab topiladi. Umuman olganda, barcha tumanlarda yaxshi saviyadagi yoshlar bor va asta-sekin rivojlanib bormoqda.

- Rossiyada ham bir qator shogirdlaringiz o‘z janglarini o‘tkazgan holda murabbiylik faoliyati bilan ham shug‘ullanmoqda, ular borasida ham biroz ma’lumot berib o‘ta olasizmi?

- To‘g‘ri, Rossiyada ham shogirdlarimiz faoliyat yuritmoqda. Jumladan, Sankt-Peterburg shahrida Sarvarbek Isaqov, Maksim Qo‘ldashev bor. Ular o‘sha erda mashg‘ulotlar olib borgan holda, yosh sportchilarimizni tayyorlab, yurtimiz sharafini munosib himoya qilishlariga sababchi bo‘lmoqda.

- Jangovar sambo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi hisoblanasiz. Shu nuqtai nazardan kelib chiqsak, nafaqat Andijon balki boshqa viloyatlarda ham shogirdlaringiz mavjud. Jumladan, qashqadaryolik jangovar sambo bo‘yicha etakchi vakilimiz Bahodir Boqiev MMAda ham muvaffaqiyatli odimlamoqda. Shunday boshqa viloyatdagi shogirdlaringizdan kimlar yana aralash jang san’atida yaxshi natijalar qayd etayapti?

- Albatta, bunday shogirdlarimiz juda ham ko‘plab topiladi. To‘g‘ri aytdingiz, ular orasida qashqadaryolik Bahodir Boqiev juda yaxshi natijalar ko‘rsatib kelayapti. Kuni kecha jahon kubogida g‘alaba qozondi. Bir haftadan keyin Rossiyada nufuzli promoushenda MMA bo‘yicha o‘z jangini o‘tkazadi. Yana bir qashqadaryolik ajoyib, iste’dod egasi Bekzod Nurmatov bor edi. Afsuski, bu yorug‘ olamni tark etdi. Oxiratlari obod bo‘lsin! Samarqandik Hakimboy Ismoilovni ham ta’kidlab o‘tgan bo‘lardim. Ushbu shogirdimiz ham sambo, jangovar sambo va MMA bo‘yicha ham yaxshi natijalarga erishmoqda.

bekzod

- Bilamizki, Ahliddin Mirzadavlatov ham shogirdingiz hisoblanadi. Uning ASA promoushenidagi jangida tushunarsiz holat yuzaga keldi va mag‘lubiyat yozildi. Shunga apellyatsiya berdinglarmi, umuman bu holatni qanday izohlagan bo‘lardingiz?

- “Parter” holatida raqibiga tizza zarbasini yo‘llab yubordi. Bu holat ba’zi promoushenlarning qonun-qoidasiga to‘g‘ri kelsa, ba’zilarida mumkin emas ekan. ACAda ham bu zarba ta’qiqlangan va bu tashkilot apellyatsiyani ham qabul qilmas ekan. Aslida, Ahliddin “parter” holatida ketma-ket zarbalar yog‘diratgan va raqib chuqur himoya holatida edi. Hakam avvalroq, jangni to‘xtatishi lozim bo‘lgan holatda, shunday hodisalar yuz berdi. Albatta, bunga mezbonlik faktori rol o‘ynadi.

- Yana bir shogirdingiz Avliyoxon Hamidov “UAE Warriors” promoushenidagi jangidan so‘ng, UFC bilan shartnoma tuzishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi. Ammo, Hamidov Bahraynning “Brave CF” promousheni bilan hamkorlikni boshlabdi?

- To‘g‘ri, bu promoushen bilan to‘rtta jangga shartnoma tuzdi. Mazkur janglarda yaxshi harakat qilib, g‘alaba qozona olsa, UFC bilan ham shartnoma imzolaydi, degan umiddaman. Buning uchun esa, tinmay mehnat qilish kerak. Har qanday jangchini UFCda jang qilish orzusi bo‘ladi. O‘ylaymanki, shogirdlarim ham ushbu orzulariga erishadi. Eng asosiysi barchasini kutilmagan jarohatlardan Yaratganni o‘zi asrasin!

- Bir necha yillardan Andijondagi oliygoh zalida mashg‘ulot o‘tab kelishingiz va sizning qo‘l ostingizda shug‘ullanishni istaydiganlar juda ham ko‘p ekanki, bu zal kichiklik qilib qolayotganligini eshitdik?

- To‘g‘ri, anchadan buyon shu dargohda faoliyat yuritamiz. Avvallari bunday vaziyatga tushgan holatlar ham bo‘lgan edi. Hozirda, zalimizni ancha kengaytirdik. Sharoitlar yaxshilandi, yanada rivojlantirmoqchimiz. Fitness zalini ham qo‘shish niyatimiz bor. Shu o‘rinda ushbu qulayliklarni yaratishda bizga yordam bergan Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonovga o‘z minnatdorchiligimizni bildirib qolgan bo‘lardim.

- O‘zbekiston jangovar sambo terma jamoasi murabbiyi sifatida aytingchi, bu yo‘nalishda qaysi viloyat vakillari etakchi sanaladi. Ya’ni, qaysi xududda bu sport turi yaxshi rivojlangan?

- Endi, ba’zi vaqtlarda Andijon viloyati etakchi bo‘lgan. Buxoro, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari peshqadamlik qilgan. Etakchilik har doim o‘zgarib turadi. Sog‘lom raqobat mavjud. Aynan ushbu omil O‘zbekiston terma jamoasini yaxshi shakllanishida asosiy rol o‘ynamoqda.

- So‘ngi yillarda sambo, jangovar sambo ham yurtimizda juda tez sur’atlarda ommaviylashmoqda va yaxshi natijalar qayd etilmoqda, buning asosiy sababi nimada deb o‘ylaysiz?

- Shubhasiz, hukumatimiz barcha sport turlariga jiddiy e’tibor qaratmoqda. Qolaversa, sport federatsiyalari hamda assotsiatsiyalari professional tarzda faoliyat yuritishni o‘rgandi. Jumladan, O‘zbekiston sambo assotsiatsiyasi raisi Alisher Alimovning jonbozligi ham o‘zbek sambosini yanada rivojlanishiga turtki bo‘lmoqda. Shuningdek, Osiyo sambo uyushmasi prezidenti Alamjon Mullaev va O‘zbekiston sambo terma jamoasi bosh murabbiyi Roman Shakirovning ham xizmatlarini ta’kidlab o‘tgan bo‘lardim.

akajaxon

- Suhbat uchun rahmat. Yaqin yillarda shogirdlaringiz yanada yuqori marralarni zabt etishlariga tilakdoshmiz!

- E’tibor uchun tashakkur. Yurtimiz sha’nini munosib himoya qiladigan sportchilarni tarbiyalab borishga harakat qilamiz!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!