
"Jamoamizda xarakter bor, ammo mahorat yo‘q" - "Humo" bosh murabbiyi ishtirokidagi matbuot anjumani (to‘liq)
- Raqibni g‘alaba bilan tabriklayman. Sen urmasang, senga urishadi - bu xokkeydagi yozilmagan qonun. Uchinchi davrda keraksiz chetlatishlar bo‘ldi. Aynan shu jihat o‘yinimizni sindirdi va yakunda ochkosiz qoldik. Shunday bo‘lsada, oxirigacha kurashdik va o‘yinni qutqarib qolishga harakat qildik. Jamoada xarakter bor, ammo ko‘plab xokkeychilarda mahorat yo‘q. Ularga sabr etishmayapti. Yigitlarim yosh, ular bir o‘yini zo‘r o‘ynab berishi mumkin, ammo ikki-uch marta buni takrorlay olmaydilar. Hozircha ruhiya jihatdan tayyor emasmiz. Bu borada ish olib boramiz.
- Birinchi davr so‘nggi va ikkinchi davr boshida jamoa butunlay o‘zgardi, xatolar boshlandi va shunchaki raqiga shayba berib qo‘yildi. Bu nima bilan bog‘liq?
- Qaytaraman, bizning ko‘plab o‘yinchilarimiz Oliy ligada o‘ynamagan. O‘zinginz ham ko‘rib turibsiz, birinchi beshlik yaxshi o‘ynamoqda, biroq keyin... Ular ham harakat qilishmoqda, ular ham asabiylashishmoqda. Raqib o‘tgan mavsum pley-offda o‘ynagan jamoa edi. Bizning aksariyat xokkeychilarimiz esa u qadar yuqori darajada emaslar. Bunda g‘alaba shunchaki kelib qolmaydi. Sabr bilan chidash kerak. Bizga esa chidamlilik etmadi.
- Oldinda bir-biridan qiyin bo‘lgan safardagi o‘yinlar kutib turibdi. Ularda nima kutyapsiz va nimaga umid bildiryapsiz?
- Har bir o‘yinga bo‘lgani kabi tayyorlanamiz. Hozir bizga ochko kerak. Raqib kim, buning qizig‘i yo‘q. Maydonga tushib, o‘ynash kerak. Har bir uchrashuvga yigitlarni tayyorlab, ruhini ko‘taraman. Izlanish, o‘rganish kerak. Jamoamiz ko‘p narsalarni o‘rganishi kerak. Jamoamizga mahorat etishmayapti. Masalan Evgeniy Grigorenkoni olaylik. U yaxshi saviyadagi xokkeychi, ammo ilgari hech qachon etakchi maqomida o‘ynamagan. Hozir esa u jamoamiz lideri, ko‘p narsalara uning o‘yiniga bog‘liq. MXLdagi Kovalchuk, Datsyuk, Makdevidlarga bir qarang. 22-23 yoshli xokkeychilar, ammo jamoasini o‘z ortidan ergashtira oladi. U ko‘nikmalarini oshirib, etakchilikni to‘liq qo‘liga olishi lozim. Pavel Zdunov uchun xursandman. Avval boshida u qadar ko‘zga ko‘rinmagan bo‘lsada, hozir har bahsda gol kiritmoqda va doimiy o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmoqda. Hozir jamoamdagi hech bir xokkeychi kerakli darajaga chiqib ulgurmadi. Zaxira bor hali.
- Mavsum avvalida shaybani o‘yinga kiritish va vaziyatlarni golga aylantirish borasida muammolar bor edi. Hozir ko‘p narsa o‘zgarganligini ko‘rdik. Bugun Voroshilo muzda haqiqiy qirolga aylandi. Hech bir yakkakurashda imkoniyatni boy bermadi. Jamoa son jihatdan ustunlikda bo‘lgan vaqtda gol kiritishni o‘rgandi. Ammo zarbalar va ulardan foydalanish borasida hamon oqsalmoqdamiz, birga-bir vaziyatlar ko‘kka sovurilmoqda. Bugun Merejko xato qilishdan qo‘rqayotgandek taassurot qoldirdi. Bu xatolarni yangi o‘yinchilarsiz tuzatish mumkinmi?
- Merejkoda tajriba kam. To‘g‘ri, u AQShda o‘ynab kelgan, ammo hali ko‘p ishlashi kerak. Yigitlar tayyorlanishlari va o‘z ustilarida ishlashlari lozim. Video mashg‘ulotlarda ham, oddiy mashg‘ulotlarda ham shug‘ullanishlari kerak. Shunchaki o‘rganish uchun biroz vaqt ham zarur. Vaziyatlar borasidagi muammo safar uchrashuvlarida ham mavjud edi. Biz imkoniyatni boy bergan bahslarda o‘yin jihatdan raqibga mag‘lub bo‘lmaganmiz. Xavfli vaziyatlar va zarbalar borasida ustunlik bizda bo‘lib kelgan. Mahorat shunda bilinadiki, ular ikki-uchta vaziyatdan ham unumli foydalanib ketishmoqda. Mahorati kam jamoa esa gol kiritish uchun 4-5 bor harakat qilishi kerak. Teng o‘yin, teng imkoniyatlar, ko‘p gol urgan g‘alaba qozonadi, golni esa mahorati borlar uradi.
Bugun bir qator himoyachilarni o‘zgartirdim. Bugun Tatalinning o‘yini umuman chiqmadi va Merejkoni maydonga tashladim. Har uchrashuvda tarkibni almashtirishga to‘g‘ri kelmoqda. Agarda stabil o‘yinchilar bo‘lsa, siz aytarli hech narsaga o‘zgartirish kiritmaysiz. Bu erda esa tinimsiz ishlash kerak, kim qanday o‘ynayotganligini kuzatib borish lozim. Eng yaxshilarni esa o‘yin so‘ngiga olib qo‘yish kerak. Agar, yaxshi 4 ta beshlik bo‘lsa, murabbiy ortda qo‘lini qovushtirib o‘tirishi mumkin. Bizda esa bunday emas. Biroq qo‘rqinchli hech narsa yo‘q. Ishlashda davom etamiz.
Fikrlar