Janubiy Koreyadagi turnirda yana bir oltin medalni qo‘lga kiritdik!
Koreya Respublikasining Muju shahrida tashkil etilayotgan taekvondo WT bo‘yicha “WT Diamond Games” musobaqasining ikkinchi kuni ham O‘zbekiston terma jamoasi uchun muvaffaqiyatli o‘tdi. Mikst dasturida kechgan bellashuvlarda hamyurtlarimiz 1 tadan oltin va bronza medallariga ega chiqishdi.
Diyorbek To‘xliboev, Shuhrat Salaev, Shabbona Abduvalieva hamda Svetlana Osipovadan iborat asosiy jamoamiz saralash bosqichlarida Indoneziya va Mo‘g‘uliston, finalda esa Qozog‘iston vakillarini mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Ozodbek Mamadaleiv, Yodgor Jo‘raboev, Sevinch Haydarova va Ozoda Sobirjonovadan iborat ikkinchi jamoamiz esa Singapur va Koreya Respublikasini mag‘lub etib, yarim finalda Qozog‘istonga imkoniyatni boy berdi. Uchinchi o‘rin uchun bellashuvda Marokash ustidan qozonilgan g‘alaba ushbu jamoamizning ham shohsupaga ko‘tarilishini ta’minladi.
Shu tariqa, hamyurtlarimizning musobaqada qo‘lga kiritgan medallari 2 ta oltin va 1 ta bronzaga etdi. Ertaga yakkalik bahslarida g‘olib va sovrindorlar aniqlanadi.
Bu haqda MOQ xabar bermoqda.



Fikrlar