Javohir Sindarov katta o‘zgarishlar haqida aytib berdi
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov Samarqandda o‘tkazilgan 2026 yildgi Shaxmat olimpiadasidagi g‘alabadan so‘ng mamlakatda shaxmat rivoji va milliy jamoaga ko‘rsatilayotgan e’tibor haqida fikr bildirdi.
FIDE tomonidan e’lon qilingan videolavhada Sindarov O‘zbekiston terma jamoasining yutuqlarida davlat ko‘magi va muxlislar qo‘llab-quvvatlashi hal qiluvchi omil bo‘lganini ta’kidladi.
«Biz 2022 yilda Olimpiada chempioni bo‘lganimizdan keyin, yurtimizda shaxmatga munosabat tubdan o‘zgardi. Shaxmat juda ommaviy sport turiga aylandi. Hukumatimiz va Prezidentimiz ham shaxmatga katta e’tibor qaratyapti, juda katta yordam bermoqda.
Ayta olamanki, agar boshqa biror mamlakatda ham O‘zbekistondagi kabi qo‘llab-quvvatlash bo‘lganida, u yerda ham ko‘plab Nodirbeklar, menga o‘xshagan ko‘plab shaxmatchilar yetishib chiqardi. Eng asosisi shuki, davlat tomonidan bizning faoliyatimizga juda kuchli va samarali yordam berilyapti.
Mana bu muxlislarni ko‘ryapsiz: ular har kuni bizga ruhiy kuch berib turishadi. Bu yurtimizda odamlar shaxmatni qay darajada sevishini ko‘rsatadi. O‘zbek ekanimdan va O‘zbekiston sharafini himoya qilayotganimdan juda faxrlanaman», — dedi Sindarov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi 2026 yildgi Shaxmat olimpiadasining ochiq turnirida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bu jamoamiz uchun musobaqa tarixidagi ikkinchi oltin medal bo‘lib, ilk marta 2022 yil Chennaydagi triumfda qo‘lga kiritilgan edi.

Fikrlar