JCh-2026 saralashi uchun "CAFA Nation's Cup"dagi chempionlik juda muhim! Negaligini kichik matnda izohlaymiz!
Xabaringiz bor, 10-20 iyun kunlari ilk bor "CAFA Nation's Cup” musobaqasi bo‘lib o‘tadi. Bu turnirni barcha har hil qabul qilmoqda. Kimdir uni intizorlik bilan kutayotgan bo‘lsa, yana kim uchundir o‘rtoqlik uchrashuvidan farq qilmaydigan 3-4 bahs o‘rnida qabul qilindi. Xo‘sh, aslidachi?
Musobaqaning ahamiyati haqida ortiqcha to‘xtalmoqchi emasman. Undagi biz uchun eng muhim faktorga e’tiboringizni qarataman. Ayni damda, FIFA reytingidagi o‘rnimizga. Jahon chempionati saralash bosqichining ikkinchi davrasiga qur’a tashlash chog‘ida shu omil katta ahamiyat kasb etadi. Hozir reytingga ko‘ra, biz birinchi savatchadan o‘rin egallashni uddalay olganimiz yo‘q. Hozir OFKning birinchi savatchasida Yaponiya, Eron, Janubiy Koreya, Avstraliya, Saudiya Arabistoni, Qatar, Iroq, BAA, Ummon terma jamoalari o‘rin egallagan. Biz esa ulardan juda kichik farq bilan ortda qolgan holda, ikkinchi savatchaning birinchi o‘rnida turibmiz.
Ushbu tafovutni imkon qadar tezroq yo‘qqa chiqarishimiz shart. Sababi, joriy yilning noyabr oyida 2026 yilgi jahon chempionatining ikkinchi bosqichiga qur’a tashlanadi. 20 iyul sanasida FIFA o‘zining yangilangan reytingini e’lon qiladi. Unda yuqoriroqqa ko‘tarilish uchun yaqinlashib kelayotgan turnirda imkon qadar yaxshi ishtirok etishimiz shart. Ummon yoki BAAni quvib o‘tib, noyabr oyidagi JCh saralash qur’asida birinchi savatchadan o‘rin egallash uchun ham bu juda muhim. Soddaroq qilib aytsak, 2026 yilda bo‘ladigan mundial uchun harakat aynan “CAFA Nation's Cup"dan boshlanadi.
Xo‘sh, musobaqadagi o‘yinlar reyting ballarini qanday taqdim etadi, degan savol paydo bo‘lishi mumkin. Qisqacha tushuntirib o‘taman. Iyun oyi uchun FIFA ikki kunni ajratgan. Musobaqadagi ilk o‘yinimiz 11 iyun sanasida bo‘lishini hisobga olsak, unga berilishi kerak bo‘lgan ballarning teng yarmi beriladi. Sababi, Ummon bilan bahs FIFA kunlari doirasidan tashqarida o‘tkazilmoqda. Guruhdagi qolgan ikki o‘yinimiz uchun FIFA reyting ballarini to‘liq taqdim etadi.
Agar guruhdan chiqsak (katta ehtimol bu ishni uddalaymiz) final yoki 3-o‘rin uchun bahsdagi g‘alabaga ham birinchi o‘yinda bo‘lgani kabi ko‘zda tutilgan ballarning teng yarmi beriladi. Sababi, yuqorida ta’kidlanganimdek FIFA kuni sifatida bu oyda 2 kun ko‘rsatilgan. Demak, biz yaqinlashib kelayotgan musobaqadagi 4 o‘yinda 4 g‘alabaga erishsak, Ummon yoki BAAni reytingda quvib o‘tish imkoniyatini taqdim etishi mumkin. Bu noyabr oyida bo‘ladigan JCh qur’asida Yaponiya, Eron, Janubiy Koreya, Avstraliya, Saudiya Arabistoni, Qatar, Iroq singari Osiyo grandlari bilan ertaroq to‘qnashuvga chap berish imkoniyatini beradi.Xullas, yigitlar...
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar