"JCh-2026"da ikkita yangi qoida kiritilishi kutilmoqda
Futbolda oʻyinchilarni ogʻzini yopgan holda mojarolarda ishtirok etgani uchun maydondan chetlatish amaliyoti joriy etilishi mumkin.
FIFA Jahon chempionatida qoʻllanilishi mumkin boʻlgan ikkita yangi qoida ustida ish olib bormoqda. The Times nashri maʼlumotiga koʻra, "JCh-2026"da raqib bilan mojaro vaqtida ogʻzini qoʻli yoki kiyimi bilan yopgan futbolchilar qizil kartochka bilan jazolanishi mumkin.Shuningdek, hakam qaroriga norozilik belgisi sifatida maydonni tark etgan oʻyinchilar ham darhol maydondan chetlatilishi rejalashtirilmoqda.
Kutilishicha, Janni Infantino ushbu oʻzgarishlarni 30 aprel, payshanba kuni Vankuverda boʻlib oʻtadigan FIFA kongressida eʼlon qiladi. Hozircha ushbu qoidalar faqat "JCh-2026" doirasida qoʻllanilishi rejalashtirilgan. Boshqa musobaqa tashkilotchilari esa yangi tartiblar kutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan xavotirda. Masalan, futbolchi irqiy haqoratlar sabab maydonni tark etsa, bu ham jazoga sabab boʻlishi mumkin.
Avvalroq “Benfika” vingeri Janluka Prestiani Chempionlar ligasi bahsida “Real” futbolchisi Vinisiusga nisbatan gomofob haqoratlar qilgani uchun 6 ta oʻyinga diskvalifikatsiya qilingan (shundan 3 tasi shartli). Mojaro vaqtida u ogʻzini futbolkasi bilan yopgan.
Shuningdek, avval Afrika futbol konfederatsiyasi Marokash apellyatsiyasini qanoatlantirib, Afrika kubogi finalida Senegal terma jamoasiga 0:3 hisobida texnik magʻlubiyat yozgan edi. Bunga penaltidan keyin senegallik oʻyinchilarning maydonni tark etgani sabab boʻlgan. Keyinchalik ular ushbu qarorni CAS orqali qayta koʻrib chiqishga murojaat qilgan.

Fikrlar