
Joze Mourino kashf etgan futbolchilar! Ular kimlar?
Ochig‘ini aytish kerak, Joze Mourinoni yoqtiradiganlardan ko‘ra uni xushlamaydiganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Buning sabablari haqida to‘xtalish shart emas. Ammo har bir insonda ijobiy va buning aksi o‘laroq salbiy xususiyatlar uchraydi.
Shunchaki, “Boshqacha murabbiy”da yuqorida sanab o‘tilgan jihatning ikkinchisi ko‘proq shakllangan. Lekin portugaliyalik mutaxassisda ham o‘ziga yarasha yaxshi sifatlar yo‘q emas. Aks holda “Evrofutbol.ru” sayti orqali Mourino kashf etgan o‘yinchilar haqida tayyorlangan material ishqibozlar e’tiboriga havola qilinmagan bo‘lardi.
O‘ziga xos ramziy terma jamoa
Haqiqatan Joze Mourinoning o‘ziga xos murakkab shaxs ekanligi xususidagi gap-so‘zlar o‘rinli. U takabbur, xudbin va kerak bo‘lsa juda janjalkash. Shuningdek, “Boshqacha murabbiy” o‘yinchilarni sotib olishni yaxshi ko‘rishini-yu, lekin aksar hollarda ularni unutib qo‘yishi ko‘pchilikning g‘ashiga tegishi ham bor gap. Lekin seu Joze futbol olamiga bir qancha yosh iqtidor egalarining kirib kelishiga bevosita sababchi bo‘lgan. Quyida mana shunday ijrochilardan iborat o‘ziga xos ramziy terma jamoa bilan tanishib chiqish foydadan holi bo‘lmasdi.
Darvozabon
1. Antonio ADAN
Katta futbolda debyutini o‘tkazgan klub: “Real” (22 yoshida). Bugungi to‘p surayotgan jamoasi: “Atletiko” (32 yoshda).
2011 yilning fevralida Iker Kasilyas “Espanol”ga qarshi kechgan o‘yinda qizil kartochka olgandi. Shunda Joze Mourino klubning uchinchi posboni sanaladigan Antonio Adanga ishonch bildirgan. O‘z navbatida “Qirollik klubi” tarbiyalanuvchisi bildirilgan ishonchni oqlaydigan o‘yin namoysh etgandi. Shu boisdan ham uchrashuvdan keyin Joze Mourino ushbu shogirdi haqida mana shunday iliq fikrlarni bildirgan: “Adan bugun juda yaxshi debyut qildi. Ochig‘i, unga ishonch bildirgan chog‘imda ijrosida mana shunday o‘yin ko‘raman, deb sira o‘ylamagandim. U ikki ustun oralig‘ida o‘zini katta tajribaga ega bo‘lgan futbolchidek tutdi. Adanni bu bilan tabriklayman”.
Shuning uchun bo‘lsa kerak, 14 yil davomida klub tizimida bo‘lgan bu yigit navbatdagi turda “Levante”ga qarshi kechgan o‘yinda boshlang‘ich tarkibda maydonga tushirilgandi. Biroq adolat yuzasidan shuni aytish kerakki, 22 yoshli yigit keyinchalik o‘zidan ancha tajribaliroq bo‘lgan Iker Kasilyas hamda Eji Dudekka qarshi raqobatda yutqazib qo‘ygan. Yana shuni qo‘shimcha qilish joizki, Antonio Adanning faoliyatidagi eng yaxshi yillar “Betis”da o‘tib, u naqd 4 mavsum davomida sevilyaliklar jamoasining asosiy darvozaboni vazifasini bajargandi. 2018 yil yozida u “Real”ning ang ashaddiy raqiblaridan biri sanaladigan “Atletiko” tomonidan yuborilgan taklifni qabul qilgan. “Matraschilar” jamoasida Adan sloveniyalik hamkasbi Yan Oblakning o‘rinbosari vazifasini bajarmoqda.
Himoyachilar
2. Yafet TANGANGA
Katta futbolda debyutini o‘tkazgan klub: “Tottenxem” (21 yoshda). Bugungi to‘p surayotgan jamoasi: “Tottenxem” (21 yoshda)
Himoya chizig‘ining o‘ng qanotida to‘p surishga moslashgan Yafet Tanganga portugaliyalik mutaxassis tufayli o‘zini dunyodagi eng baxtiyor insonlardan biri sifatida his qilmoqda. To‘g‘ri, Londonda tug‘ilgan bu yigit “Shporlar” akademiyasida tarbiyalangan va o‘tgan yilning 24 sentyabrida Maurisio Pochettino tomonidan Angliya Liga Kubogi doirasida “Kolchester Yunayted” klubiga qarshi bahsda professional futboldagi debyutini o‘tkazgandi. Lekin Yafet keyinchalik o‘yinlar qaydnomalariga kiritilmagani bois ko‘p vaqtini zaxira o‘rindig‘ida o‘tkazishga majbur bo‘ldi. Ammo “Tottenxem” ruli Joze Mourinoga topshirilganidan so‘ng Tanganga APLdagi ilk o‘yinini o‘tkazish imkoniyatiga ega chiqdi.
E’tiborlisi, portugaliyalik murabbiy uni yaqqol peshqadam “Liverpul”ga qarshi kechgan bellashuvda maydonga tushirishdan qo‘rqmadi. Yafet Tanganga o‘sha o‘yindan so‘ng shunday bayonot berdi: “Janobdan juda minnatdorman. U tufayli premer-ligadagi debyutimni o‘tkazish imkoniga ega bo‘ldim. “Boss” menga qaerda to‘p surishni buyursa, o‘sha joyda o‘ynashga tayyorman”.
3. Andreas KRISTENSEN
Katta futbolda debyutini o‘tkazgan klub: “Chelsi” (18 yoshida). Bugungi to‘p surayotgan jamoasi: “Chelsi” (23 yoshda).
Daniyalik iste’dodli himoyachini Joze Mourino AQShda tashkil etilgan turne chog‘ida sinovdan o‘tkazgandi. Shu bois “Aristokratlar” ustozi uni 2014 yil 28 oktyabrda Angliya Liga Kubogi turniri doirasida “Shrusberi Taun” klubiga qarshi o‘tkazilgan o‘yinda boshlang‘ich tarkibda maydonga tushirishga qaror qilgan.
To‘g‘ri, shimollik futbolchiga “Chelsi”ning asosiy tarkibidan joy olish oson kechmagan. Odatda yosh futbolchilar aksar hollarda ijarada to‘p surish orqali toblab olinadi. Andreas Kristensenda ham keyinchalik shunday vaziyat kuzatilgan. Uni ikki mavvsumga Myonxengladbaxning “Borussiya” klubiga ijara asosida to‘p surishga berib yuborgandilar. Nemis bundesligasida ancha tajribasini oshirgan himoyachi “Chelsi”ga qaytganidan so‘ng boshlang‘ich tarkibda o‘ynashga tayyorligini isbotlab berdi. Bugungi kunda Frenk Lempard qo‘l ostidagi klubda daniyalik ijrochi asosiy rollardan birini o‘ynab kelmoqda. Lekin kutilmaganda olingan jarohatlar Kristensenga goh-gohida pand berib qo‘yyapti.
4. Rikardu KOShTA
Katta futbolda debyutini o‘tkazgan klub: “Portu” (21 yoshida). Bugungi to‘p surayotgan jamoasi: “Boavishta” (38 yoshda).
Ma’lumki, Joze Mourino “Portu”dagi muvaffaqiyatlari evaziga jahon futbol ahli tan olgan mashhur murabbiy maqomiga ko‘tarilgandi. O‘sha kezlarda mutaxassis qator futbolchilarga o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatish imkoniyatini havola qilgan.
Jumladan, Rikardu Koshta ham “Ajdarholar”ning boshlang‘ich tarkibidan joy olish uchun havola qilingan imkoniyatdan unumli foydalana olgandi. Shuning evaziga futbolchi 6 yil davomida “Portu”da to‘p surgan bo‘lsa, shu vaqt oralig‘ida ichki va xalqaro maydonlarda katta muvaffaqiyatlarga erisha olgan. To‘g‘ri, bugungi kunda “qariya” Koshta futboldagi oxirgi yillarini o‘zi tarbiyalagan “Boavishta”da o‘tkazmoqda.
5. Nacho FERNANDES
Katta futbolda debyut o‘tkazgan klub: “Real” (21 yoshida). Bugungi to‘p surayotgan jamoasi: “Real” (30 yoshda).
10 yoshida “Qirollik klubi” akademiyasiga qabul qilingan Nacho Fernandes Joze Mourinoni juda yaxshi ko‘rishini hech kimdan yashirmaydi. Chunki himoya markazida to‘p suradigan bu futbolchi 2011 yil 23 aprelida seu Joze tufayli “Real”dagi debyutini o‘tkazgandi. E’tiborlisi, o‘sha kuni “Qaymoqranglilar” “Valensiya” ustidan 6:3 hisobida zafar quchishgan. Nacho Fernandes esa 90 daqiqa to‘p surgandi. Aytish joizki, u keyinchalik asosiy tarkib o‘yinchisi bo‘la olishini isbotlash uchun ancha ter to‘kishiga majbur bo‘lgan.
6. Davide SANTON
Katta futbolda debyutini o‘tkazgan klub: “Inter” (18 yoshida). Bugungi to‘p surayotgan jamoasi: “Roma” (29 yoshda).
Italiyalik universal himoyachi katta futboldagi faoliyati muvaffaqiyatli chiqqandi Mourinoning hissasi ko‘p bo‘lganini tez-tez ta’kidlab o‘tadi. O‘zining eslashicha, Joze uni ilk bor “Inter” o‘rinbosarlari safidagi uchrashuvda diqqat bilan kuzatishga kirishgan. Buning natijasida 2009 yil 21 yanvarda Santon Italiya Kubogi doirasida “Roma”ga qarshi o‘tgan bellashuvda professional futboldagi debyutini nishonlagan. “Neradzurrilar”ning g‘alabasi bilan nihoyasiga etgan uchrashuvdan so‘ng portugaliyalik murabbiy bu shogirdini asta-sekinlik bilan boshlang‘ich tarkibga jalb etishga tushgan.
O‘zingizga yaxshi ma’lum, 2009-10 mavsumda “Inter” oltin xet-trikni qayd etib, “A” seriya g‘olibligi va Italiya Kubogidan tashqari Chempionlar ligasida ham zafar quchgandi. O‘sha unutilmas mavsumda Santon ham asosiy figuralardan qolishmagan darajadagi rollardan birini ijro etib bergandi. Buning qarangki, “Boshqacha murabbiy” ketganidan so‘ng Davide dastlab “Chezena”ga ijaraga berib yuborilgan, keyinchalik esa “Nyukasl”ga sotib yuborilgandi. Angliyada tajribasini oshirgan himoyachi dastlab “Inter”ga qaytarilgan bo‘lsa, uch mavsumdan so‘ng “Roma”ga pullab yuborilgan.
Yarim himoyachilar
7. Skott MAKTOMINEY
Katta futbolda debyutini o‘tkazgan klub: “Manchester Yunayted” (21 yoshida). Bugungi to‘p surayotgan jamoasi: “Manchester Yunayted” (23 yoshda).
“MYu” akademiyasida tarbiyalangan Skott Maktomineyning 16 yoshga qadar hujumchi sifatida to‘p surganini ko‘pchilik bilmasa ham kerak. Ammo Joze Mourino “Qizil iblislar”ga ustozlik qilib yurgan kezlarida undan yaxshi markaziy yarim himoyachi chiqishiga ishonch hosil qilgandi. Ko‘rib turganingizdek, Mour yanglishmagan ekan. E’tiborlisi, Skott to hozirga qadar faoliyatida asosiy sahifa ochilishiga sababchi bo‘lgan ustozi bilan aloqani saqlab qolgan.
8. Ruben LOFTUS-ChIK
Katta futbolda debyutini o‘tkazgan klub: “Chelsi” (18 yoshida). Bugungi to‘p surayotgan jamoasi: “Chelsi” (24 yoshda).
Bolalik chog‘idan “Chelsi” tizimiga jalb etilgan Ruben ham Mourino tufayli katta futboldagi debyutini o‘tkazishga muvaffaq bo‘lgan. E’tiborlisi, portugaliyalik mashhur mutaxassis uni Chempionlar ligasi doirasida “Sporting”ga qarshi o‘tkazilgan o‘yin oxirida maydonga tushirishdan cho‘chimagandi. Aytish o‘rinliki, Ruben Loftus-Chik katta futboldagi ilk ustozini tanqidchilardan zo‘r berib himoya qilib keladi.
Jumladan, u intervyularidan birida Mourino haqida mana shunday iliq fikrlarni bildirgandi: “Kim nima desa deyaversin-u, men uchun Joze Mourino eng yaxshi murabbiydir. Qaerda ko‘rsam, albatta uning qo‘llarini siqib qo‘yishni o‘zimga odat qilib olganman. Axir janob tufayli katta futboldagi ilk qadamlarimni tashlaganman”.
9. Xese RODRIGES
Katta futbolda debyutini o‘tkazgan klub: “Real” ( 18 yoshida). Bugungi to‘p surayotgan jamoasi: “Sporting” (27 yoshda).
Xese Rodriges “Real” akademiyasining tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. 2011 yil yozida Joze Mourino yosh yarim himoyachini mavsumoldi turnesiga olib ketgandi. O‘sha kezlarda mahalliy jurnalistlar Xeseni “Qirollik klubi” akademiyasidan chiqqan eng zo‘r tarbiyalanuvchi deb hisoblab, uni Krishtianu Ronaldu va Neymarga taqqoslashga tushgandilar. O‘z navbatida u seu Jozening ishonchini oqlashga zo‘r berib kirishib ketgandi.
Ahamiyatlisi shundaki, Xese La Ligadagi ilk golini “El klassiko” chog‘ida “Barselona”ga qarshi safarda kechgan o‘yinda urgan! Portugaliyalik mutaxassisdan so‘ng Zinedin Zidan ham anchagacha ushbu yarim himoyachiga ishonch bildirgandi. Buni qarangki, erta kelgan mashhurlik va murabbiylarning ishonchi tufayli Xese kutilmaganda yulduzlik kasaliga chalinib qolgan. Buning natijasida yarim himoyachining katta futboldagi binoyidek ketayotgan ishlari salbiy tomonga yuz tutdi. Avvaliga Xeseni 25 million evro evaziga PSJga sotib yubordilar. Liga 1 grandi safida o‘tgan dastlabki yarim yilda ispaniyalik ijrochi bor-yo‘g‘i bir marta maydonga tushdi xolos. Keyinchalik yarim himoyachi ijaraga berib yuborildi. “Sporting”dan joy olgunga qadar Xese Rodriges xuddi mana shunday shart asosida “Las-Palmas”, “Stok Siti” va “Betis”da to‘p surgan.
10. Denis ChERIShEV
Katta futbolda debyutini o‘tkazgan klub: “Real” (21 yoshida). Bugungi to‘p surayotgan jamoasi: “Valensiya” (29 yoshda).
2013-14 mavsumda Denis Cherishev “Sevilya” tarkibida Evropa Ligasida zafar quchgandi. Buning qarangki, 2015-16 mavsumda rossiyalik yarim himoyachi “Real” tarkibida Chempionlar ligasida g‘alaba qozongan. Albatta, ishqibozlar Cherishevning “Real”dagi debyuti 21 yoshida yuz berganini yaxshi eslasalar kerak.
Anglab turganingizdek, Denis keyinchalik ijara asosida “Sevilya”ga ko‘chib o‘tganda Evropa Ligasidagi g‘alabani nishonlagandi. So‘ngra u “Qirollik klubi”ga qaytarilgan va yuqorida esga olib o‘tilgan ChLdagi katta muvaffaqiyatni tantana qilgan. Biroq Denisga boshlang‘ich tarkibdan joy olish nasib etmagan. Shu bois uni navbati bilan “Vilyarreal” hamda “Valensiya” klublariga ijaraga berib yuborganlar. Keyinchalik esa “Ko‘rshapalaklar” Cherishevni butunlay sotib olganlar.
Hujumchi
11. Alvaro MORATA
Katta futbolda debyutini o‘tkazgan klub: “Real” (17 yoshida). Bugungi to‘p surayotgan jamoasi: “Atletiko” (27 yoshda).
“Mourinoda zo‘r xarakter bor, - degandi Alvaro Morata “Real”dagi debyutini o‘tkazganidan keyin. – U klub akademiyasi tarbiyalanuvchilariga befarq emas. Aksincha, Joze bunday yigitlar uchun juda qayg‘uradi. U tufayli 17 yoshimda “Real” bilan professional shartnoma imzoladim va debyutimni o‘tkazish imkoniyatiga ega chiqdim”. Yuqoridagi fikrlarning o‘ziyoq Morataning Mourino haqidagi qarashlari qanday ekanligidan dalolat beradi. Eng asosiysi, u “Boshqacha murabbiy”ning sharofati bilan hamma taniydigan o‘yinchi darajasiga ko‘tarilgan.
Fikrlar