Kadir Dalkiran: "Ehtimol, o‘zbekistonlik jangchi bilan UFCda to‘qnash kelarmiz"

  • 19 oktabr, 2021, 09:52
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • MMA
CHERY AUTO

22 oktyabr kuni poytaxtimizda Mahmud Muradovga tegishli bo‘lgan, "Muradov_professional_Liga” promousheni o‘zining ilk turnirini o‘tkazadi. Ushbu jang kechasida bir qator o‘z nomiga ega bo‘lgan MMA vakillari oktagonga ko‘tariladi. Jumladan, Turkiyada anchagina mashhurlikka erishgan Kadir Dalkiran hamyurtimiz Jahongir Najmiddinov bilan jang qiladi.

Hozirda yurtimizda bo‘lib turgan ushbu turk jangchisi bilan bog‘lanib, qisqacha suhbatda bo‘ldik.

- Assalomu alaykum. O‘zbekistonga xush kelibsiz!

- O‘zbekistonga kelganimdan juda xursandman. Ko‘pdan buyon yurtingizga tashrif buyurish niyatida edim. Biroq, hech imkoniyati bo‘lmayotgandi. Va nihoyat, bu orzuim amalga oshdi. Quvonarlisi, O‘zbekistonning eng kuchli promousheniga aylanishi mumkin bo‘lgan, "Muradov_professional_Liga”da ham jang qilaman.

- Bilamizki, Turkiyada anchagina mashhurlikka erishgansiz. Mubolag‘a bo‘lmasa, eng oldi jangchilardansiz. Ammo, O‘zbekistonda sizni yaxshi tanishmaydi, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Keling, o‘zingiz haqingizda biroz ma’lumot bersangiz?

- 1998 yil Turkiyaning Yalova shahrida tavallud topganman. 2014 yildan buyon MMA bo‘yicha janglarda ishtirok etib kelmoqdaman. Havaskor MMA yo‘nalishida 7 marta Turkiya chempionligiga sazovor bo‘ldim. Bundan tashqari, kikboksing bo‘yicha 5 karra, muaytay yo‘nalishida 4 marotaba Turkiya chempionligini qo‘lga kiritganman. Havaskor MMA bo‘yicha jahon chempioni bo‘lishga ham erisha oldim.

- "Muradov_professional_Liga”sida jang o‘tkazishingiz qay tarzda amalga oshdi? Faoliyatingizda ikki yillik tanaffusdan so‘ng, o‘zingizni qanchalik jangga tayyor, deb hisoblaysiz?

- Matbuot anjumanining o‘zidayoq, bu liganing qanchalik e’tiborli ekanini his qildim. Darhaqiqat, Mahmud Muradov bu turnir uchun eng yaxshilarini tanlagan. Bu liga uzoq vaqt ishtirokchilar va muxlislar uchun unutilmas janglarni taqdim etadi. Endi, bu promoushenda jang qilishimga akamdek bo‘lib qolgan inson, ham do‘stim yurtdoshingiz Sanjar Isanov sabab bo‘ldi. Biz uzoq yillik qadrdon bo‘lganimiz uchun Sanjar har doim O‘zbekistonda jang qilishimni xohlar edi. To‘g‘ri, men ikki yil tanaffus qildim. Buning sababi bu yillar mobaynida harbiy xizmatga chaqirilgan edim. Qolaversa, moddiy tarafdan kelgan takliflar meni qoniqtirmadi. Endi esa turkiyalik mashhur tadbirkor O‘zguven oilasi ko‘magida istalgan ligada jang qilish imkoniyatim paydo bo‘ldi.

kaddir2

- 22 oktyabr kungi raqibingiz aniq bo‘ldi. Siz o‘zbekistonlik yosh iqtidor egasi Jahongir Najmiddinov bilan to‘qnash kelasiz. Mezbonlar vakili bilan jang qilish ortiqcha bosim yuklamaydimi?

- Albatta, noqulay raqibga qarshi jang qilaman. Shuni alohida ta’kidlab o‘tishim lozimki, O‘zbekiston hamda Turkiya qardosh mamlakatlar hisoblanadi. Bizning qardoshligimiz ming yillarga borib taqaladi. Bu sport va sportda shunday holatlarning kuzatilishi tabiiy holat. Raqibimga esa omad tilab qolaman. O‘ylaymanki, jangni yuksak tarzda o‘tkazamiz.

- "Muradov_professional_Liga”da ko‘zlagan maqsadingiz qanday va agar, g‘alaba qozonsangiz faoliyatingizni ushbu ligada davom ettirasizmi?

- Shubhasiz bu ligada o‘zimning rejalarim mavjud. Bu mavzuni murabbiylarim bilan maslahatlashgan holda qaror qabul qilaman. Shunisi aniqki, bu promoushen men uchun jahonning eng nufuzli UFC, Bellator, ONE Championship promoushenlariga yo‘l olishim uchun zinapoya vazifasini o‘taydi.

- Umuman o‘zbekistonlik MMA vakillarini janglarini kuzatganmisiz?

- Har doim ham kuzatib borishga imkon va vaqt bo‘lmaydi. Ammo menga yaqin uslubda jang qiluvchi Ramazon Temirovni janglarini qiziqish bilan tomosha qilib borganman.

kaddir1

- "Muradov_professional_Ligasi bilan shartnoma tuzganligingizni inobatga olgan holda, ehtimol Ramazon Temirov bilan jangingiz bo‘lishi mumkindir?

- Men hech qachon raqib tanlamaganman. Ramazon juda yaxshi jangchi va uning harakatlari tobora jozibali ko‘rinish olmoqda. Menga qolsa, u bilan jang qilishni xohlamagan bo‘lardim. Aytib o‘tganimdek, biz qardosh va qondosh millat vakillarimiz. Balki kelajakda ushbu yurtdoshingiz bilan UFCda ro‘baro‘ kelarmiz. Barchasini vaqt ko‘rsatadi.

- Vaqt ajrata olganingizda va iliq qarshi olganingiz uchun rahmat!

 - Sizlarning e’tiboringizdan ham minnatdorman. Nasib qilsa, qo‘ldan kelganicha chiroyli jang o‘tkazamiz, degan umiddaman. Shu o‘rinda aytib o‘tishim lozimki, bu turnirdan yig‘ilgan mablag‘lar bolalar uyiga ajratilar ekan. Bu xayriyaning bir parchasi ekanligimdan juda xursandman. O‘zbek sporti ishqibozlariga esa aytar so‘zim, meni begona emas, o‘z yaqinlari sifatida qabul qilishsa mamnun bo‘lardim. Hammaga omad. Hurmat bilan, Kadir Dalkiron!

Ma’lumot uchun, Kadir Dalkiran professional faoliyati mobaynida 5 ta jang o‘tkazgan va ularning 3 tasida g‘alaba qozongan. Ikki marotaba ochkolar hisobida mag‘lubiyat yozilgan. Asosan o‘ta engil (57-61 kg) vazn toifasida oktagonga ko‘tariladi. U Rossiyaning mashhur ACB (hozirgi ASA) promoushenida ham ikki bor jang o‘tkazganligini aytib o‘tish lozim.

kadir dalkron

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!