Kamavinga va Bellingem to‘liq mashg‘ulotlarga qachon qaytadi?
"Real Madrid" yarim himoyachisi Jud Bellingem jarohatdan tiklanish jarayonini tezlashtirishni xohlamoqda.
Yodga solib o‘tamiz, u iyul oyida elkasidan operatsiya qildirgan edi va shifokorlar uning safga qaytishi uchun 10–12 hafta vaqt kerakligini aytgan. "The Athletic"ning yozishicha, ingliz futbolchisi bu hafta jamoa bilan qisman mashg‘ulot o‘tkazdi va shu oyning o‘zida maydonga qaytishni umid qilmoqda. Biroq, klub oktyabrgacha kutish tarafdori.
Shuningdek, Eduardo Kamavinganing ham tiklanishi kutilgandan sekin kechmoqda. Frantsuz xavbeki avgustda to‘piqdan jarohat olgan va dastlab u sentyabr terma jamoalar o‘yinlaridan so‘ng safga qaytadi deb rejalashtirilgandi. Lekin haligacha u jamoaviy to‘liq mashg‘ulotda qatnashmadi va 13 sentyabr kuni "Real Sosedad"ga qarshi bahsni o‘tkazib yuboradi.
Bundan tashqari, ushbu uchrashuvda Endrik va Ferlan Mendi ham maydonga tusha olmaydi.

Fikrlar