“Kamida 4-5 ta gol ko‘ramiz” yoxud Islom Ahmedov Superkubokda kimni favorit sifatida ko‘rmoqda?

  • 14.03.2026 00:07
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

Xabaringiz bor, 15 mart kuni Andijondagi “Bobur arena” stadionida “Neftchi” hamda “Paxtakor” klublari O‘zbekiston Superkubogi uchun maydonga tushishadi.

Hozirda futbolimiz jamoatchiligining e’tibori bo‘lajak o‘yinga qaratilgan. “Neftchi” Superkubokda O‘zbekistonning 2025 yildagi chempioni, “Paxtakor” esa mamlakat Kubogi sohibi sifatida qatnashadi.

Tajriba­li mutaxassislar­dan biri Islom Ahmadov bo‘lajak muhim uchrashuv oldidan jamoalarning imkoniyatlarini chamaladi.

"O‘ylashimcha, hammasi 90 daqiqa ichida hal bo‘ladi"

- “Neftchi” juda kuchli jamoa. Ular hozirgi kunda zamonaviy futbol namoyish etishmoqda. Oxirgi o‘yinda juda yaxshi taassurot qoldirishdi. Bu jamoa maydonda nima qilish kerakligini ham yaxshi biladi. “Paxtakor” safida ko‘plab iste’dodli futbolchilar bor. O‘ylaymanki, nihoyatda qiziqarli uchrashuv bo‘ladi. Stadionga kelgan muxlislar o‘yin sifatidan, ijro jihatidan va umuman har tomonlama xursand bo‘lishadi. O‘ylashimcha, hammasi 90 daqiqa ichida hal bo‘ladi.

"Neftchi" bugungi kunda Superligadagi eng kuchli jamoa" 

- 3 ta tur o‘tdi va “Neftchi” bugungi kunda Superligada eng kuchli jamoa. Mutaxassis sifatida oxirgi o‘yini­ni ko‘rdim, maza qildim. Ular futbol o‘ynashyapti. To‘p bilan, to‘psiz maydonda maza qilib harakat qilishyapti. “Paxtakor” esa hozirgi paytda biroz qiynalyapti. O‘yinchilari yaxshi, ammo hali o‘yin sur’ati ko‘rinmayapti. Bu jamoaga biroz vaqt kerak bo‘ladi. “Neftchi” Superkubokda ham oxirgi o‘yindagi kabi o‘ynasa imkoniyatlar 70\30 foiz, farğonaliklar foydasiga.  

"Stadionga kelgan muxlislar xursand bo‘lishadi"

- Stadiondagi muhit ajoyib bo‘ladi. Nimagaki, vodi­yda futbolga qiziqish juda katta. O‘ylaymanki, stadionga kelgan muxlislar juda xursand bo‘lishadi. “Neftchi” ham, “Paxtakor” ham chiroyli o‘yin ko‘rsatishadi. Takror aytaman, farğonaliklar hozir juda yaxshi formada. Bu jamoa qiynalmasdan o‘ynayapti. Gollar ko‘p bo‘ladi. O‘ylaymanki, kamda 4-5 ta gol ko‘ramiz va shunga yarasha uchrashuv qiziqarli ruhda o‘tadi. 

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!