Kannavaro: "Men har bir oʻyinchi bilan alohida gaplashdim"
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro yaqinda bo‘lib o‘tgan Dubaydagi yig‘in haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
"Bu yig‘in men va shtabim uchun foydali bo‘ldi. Oxirgi to‘rt oy davomida chempionat doirasida juda ko‘p o‘yinlarni kuzatdik. Ko‘plab futbolchilarni ko‘rdik va yig‘in ular bilan bevosita ishlash uchun imkoniyat yaratdi. Men har bir o‘yinchi bilan alohida gaplashdim, chunki ularning fikrini ham bilishni istayman.
Ularga oldimizda Jahon chempionati hamda Osiyo kubogi borligini, demak, barcha tayyor bo‘lishi kerakligini tushuntirdim. Har bir futbolchi o‘zini milliy terma jamoa loyihasining bir qismi sifatida qabul qilishi zarur. Chunki futbolda hamma narsa tez o‘zgaradi. Ikki yoki uch futbolchining jarohat olishi hech gap emas.
Shuning uchun futbolchilar Jahon chempionatida qatnashish uchun hamma imkoniyat borligini tushunishi kerak. Menimcha, bu yig‘in barcha uchun foydali bo‘ldi", — dedi mutaxassis.
Ma’lumot uchun, Kannavaroning to‘liq intervyusini tez orada O‘FAning YouTube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
Fikrlar