Kannavaro terma jamoadagi maqsadi, Masharipovning holati va boshqa legionerlar haqida gapirdi
O‘zbekiston terma jamoasi ustozi va Italiyalik sobiq futbolchi Fabio Kannavaro Jahon chempionati oldidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"O‘rtoqlik uchrashuvlari uchun imkon qadar kuchli va raqobatbardosh raqiblarni tanlashga harakat qildik. Bunda murabbiylar shtabi bilan muntazam muloqot olib borib, mavjud ma’lumotlar va tahlillar asosida biz uchun eng foydali bo‘ladigan terma jamoalarni sanab chiqdik.
Kanada — musobaqa mezboni sifatida yuqori darajadagi futbol muhiti va ajoyib atmosfera yaratishi shubhasiz. Bu esa futbolchilarimiz uchun muhim tajriba bo‘ladi. Niderlandiya esa Evropaning eng kuchli terma jamoalaridan biri hisoblanadi. Ularning o‘yin uslubi va taktik yondashuvi ma’lum jihatlari bilan Portugaliya terma jamoasiga o‘xshash.
OFAning xalqaro federatsiyalar bilan yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorligi bizga ana shunday kuchli raqiblarga qarshi o‘yin tashkil etishda katta yordam berdi. Ishonamanki, ushbu uchrashuvlar orqali jamoamiz o‘zi uchun muhim xulosalarga ega bo‘ladi, futbolchilarimiz esa yuqori saviyadagi uchrashuvlarda tajriba olishda davom etishadi.
Jamoa safiga chaqirilgan futbolchilarni tanlashda o‘zim munosib deb hisoblagan nomzodlarga tayanib ish yuritdim.
Masalan, Jaloliddin Masharipov katta tajribaga ega. Agar u optimal sport formasiga chiqsa, jahon chempionatida jamoaga katta foyda keltirishi mumkin.
Abbos Fayzullaev kuni kecha gol urdi. Shuningdek, u mehnatkashligi va jangovar xarakteri bilan ham ajralib turadi.
Shuningdek, Abduqodir Husanov va Eldor Shomurodov hozir yaxshi holatda.
Ba’zi futbolchilarimiz jarohat yoki o‘yin amaliyoti yetishmasligi sabab optimal formada emas, ammo hali vaqt bor va ular tez orada tiklanishiga ishonamiz.
Eng muhimi — bu biz uchun ilk jahon chempionati. Shuning uchun futbolchilarga ortiqcha bosim emas, aksincha, o‘yindan zavq olish ruhini berishimiz kerak. Men jamoamizning bor kuchi bilan xalqimiz uchun munosib ishtirok etishiga ishonaman.
Yanvar oyida bo‘lib o‘tadigan Osiyo kubogidagi guruhimiz juda qiziqarli va kuchli raqiblardan iborat. Har bir o‘yin biz uchun jiddiy sinov bo‘lib, maksimal e’tibor va tayyorgarlikni talab qiladi.
Mening asosiy ambitsiyalarimdan biri — Osiyo kubogini yutish. Biz bu maqsad yo‘lida bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. Jahon chempionati esa biz uchun tajriba maydoni bo‘lsa, Osiyo kubogida esa natija uchun kurashamiz".

Fikrlar