Katrina Kulbite: Futbolchilar uchun afsusdaman!

  • 14.09.2026 18:14
  • Oybek Yo’ldoshev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Osiyo o‘yinlaridagi ishtirokini boshladi. Vakillarimiz musobaqaning 1-turida Filippin ayollar terma jamoasiga qarshi maydonga tushib, 1:1 hisobida durang qayd etdi. Bosh murabbiy Kotrina Kulbite bugungi o‘yin haqida kichik intervyu berdi.

— Albatta, natijadan hafsalam pir bo‘ldi. Bugun ko‘plab vaziyatlar yaratdik, o‘yinning katta qismini nazorat qildik. 80-daqiqada hisobni ochganimizdan keyin uch ochkoni qo‘lga kiritishimizga ishongandik. Afsuski, yakunda g‘alabani saqlab qola olmadik.

Shunga qaramay, futbolchilarimning bugungi harakatlaridan mamnunman. Ular maydonda bor kuchini berdi, xarakter ko‘rsatdi va biz istayotgan futbolni namoyish eta oldi. Uchrashuv davomida tashabbus asosan biz tomonida bo‘ldi, vaziyatlar yaratdik va doim oldinga intildik.

Futbolning o‘ziga xos tomoni ham shunda — ba’zan bitta xato butun o‘yin taqdirini o‘zgartirib yuboradi. 80-daqiqada gol urdik, ammo 89-daqiqada o‘z darvozamiz yaqinida yo‘l qo‘ygan xatomiz sabab hisob tenglashdi. Bunday darajadagi uchrashuvlarda kichik xatolar ham qimmatga tushadi.

Futbolchilar uchun afsusdaman, chunki bugungi o‘yinimiz bilan g‘alabaga munosib edik. Shu bilan birga, ularning maydonda ko‘rsatgan futbolidan faxrlanaman. Menimcha, yakuniy hisob o‘yinning asl manzarasini to‘liq aks ettirmaydi.

Endi bu uchrashuvdan xulosa chiqarishimiz kerak. Yaratilgan vaziyatlardan unumliroq foydalanish va hisobda oldinga chiqqanimizdan keyin so‘nggi daqiqalarda yanada e’tiborli bo‘lishimiz lozim.

Bugun bu natijani qabul qilish og‘ir. Ammo ertadan tiklanishni boshlaymiz va keyingi uchrashuvga tayyorlanamiz. Biz bu musobaqaga shunchaki qatnashish uchun kelmaganmiz. Maqsadimiz — munosib raqobat qilish va O‘zbekiston uchun oxirigacha kurashish.
 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!