
"Kelishilgan o‘yinlar bilan bog‘liq vaziyat muhitni barbod qildi" - "Lokomotiv"ga qaytgan Korostichenko yana nimalarni aytdi?
Toshkentning “Lokomotiv” jamoasi uchun bu yilgi mavsum ancha omadsiz o‘tyapti. “Temiryo‘lchilar” o‘ziga o‘xshamay qoldi. Ko‘plab o‘yinlarda ochkolar yo‘qotildi. Afsuski, jamoa o‘yini ham hozirgi natijalarga mosdek ko‘rinmoqda. Oqibatda rahbariyat tomonidan murabbiylar almashinuvi davom etmoqda.
Mavsumni Denis Korostichenko bilan boshlashganini bilasiz. Keyin natijalar ko‘ngildagidek bo‘lmagach, Server Jeparov bosh murabbiy lavozimiga tayinlandi. Lekin “Lokomotiv” Jeparov qo‘li ostida 3 durang 3 mag‘lubiyat qayd etdi. Oqibatda unga ham “chiqish eshiklari” ko‘rsatildi.
Jeparov ketgach, Korostichenko yana “Lokomotiv”ga qaytarildi. Endi u Mirko Yelichich bilan birga ishga kirishdi.
- Denis Vladimirovich, siz yana sobiq jamoangiz – “Lokomotiv”ga qaytdingiz. Menimcha, bu kutilmagan jarayon bo‘ldi. Qaytishingizga sabab nima?
- Ha, mendan jamoaga yordam berishimni so‘rashdi. Endi Mirko Yelichich bilan birga ishlayapmiz.
- O‘rningizga kelgan Server Jeparov jamoada uzoq vaqt qolmadi. Taassufki, uning “Lokomotiv” bosh murabbiyligidagi ishi omadsiz bo‘ldi. Ayting-chi, Jeparovning iste’fosini kutganmidingiz?
- Afsuski, murabbiylarda doimo shunday. Natija bo‘lmadimi, iste’foga chiqib ketamiz. Kelishilgan o‘yinlar bilan bog‘liq vaziyat jamoadagi muhitni barbod qildi. Afsuski, bu natijada ham o‘z aksini ko‘rsatdi.
- Jeparov klubda ish boshlaganidan keyin jamoa o‘yinida qandaydir o‘zgarish ko‘rdingizmi? Biroq jamoa u bilan g‘alaba qozonmadi.
- O‘zgarishlar albatta tarkibda bo‘lgani kabi o‘yin sxemasida ham yuz berdi. Ko‘plab uchrashuvlarda yaxshi harakat qildik va natijaga erishish uchun intildik. Biroq omad kulib boqmadi.
- “Loko” endi qiyin vaziyatga tushib qoldi. Ayting-chi, jamoani Superligada saqlab qolish uchun reja qanday?
- Albatta, endi jamoani Superligada saqlab qolish kerak. Zero, taqvim juda tig‘iz va murakkabroq. Bu yog‘iga chempionlik uchun kurashayotgan klublarga qarshi maydonga tushishimizga to‘g‘ri keldi.
- PFL sizni “Lokomotiv” bosh murabbiy sifatida ro‘yxatdan o‘tkazdi. Shuning uchun asosiy javobgarlik sizning bo‘yningidami?
- Ha, Mirko bilan birga ishlayapmiz. Lekin u ko‘proq bosh murabbiy vazifasini bajaryapti. Rahbariyat unga ishonch bildirdi.
- Umuman olganda, Yelichich bilan oldindan bir-biringizni yaxshi bilasizlarmi?
- Albatta, men uni anchadan beri bilaman. Shaxsan u bilan munosabatlarimiz juda yaxshi. Yelichich kuchli va tajribali mutaxassis.
- “Lokomotiv”ga qaytishingiz bu siz uchun ikkinchi imkoniyatmi?
- Albatta, ehtimol shunday bo‘lsa kerak. Biroq vaziyat u qadar yaxshi emas. Biz to‘g‘rilash uchun kerakli bo‘lgan barcha ishni qilamiz.
- Denis Vladimirovich, klubdan ketganingizdan keyin ishingizni tahlil qildingizmi? Qaerda xatoga yo‘l qo‘ydim, deb o‘ylaysiz?
- Xatolar juda ko‘p. Kelajakda bunga yo‘l qo‘ymayman.
- Oldinda “Paxtakor”ga qarshi o‘yin kutib turibdi. Chempion jamoani qanday yutmoqchisizlar?
- Chempionat shuni ko‘rsatyaptiki, unda hamma bilan o‘ynash, kurashish va g‘alaba qozonishingiz mumkin. Shunday ekan, biz faqat g‘alaba qozonishni xohlaymiz.
Fikrlar