
Keyn «Tottenxem»ning qulimi? Londonni tark etish shu qadar imkonsizmi?
Ruben Diash 24 yoshida «Manchester Siti»ning qahramoniga aylanadi. Brunu Fernandesh butun boshli «Manchester Yunayted»ga kreativlik qo‘shdi. Jek Grilish kamtarin «Aston Villa»da top-futbolchi darajasini ko‘rsatib qo‘ydi. «Chelsi»da Meyson Maunt superyulduzlardan markazni tortib oldi. Bu nomlar qanchalar yoqimli eshitilmasin, Harri Keyn ular fonida ham ajralib turadi. Joriy mavsumda Harri o‘z pik formasiga ko‘tarildi. APL yulduzlari o‘z fishkalarini ishga solgan bo‘lsa, Harri barcha imkoniyatlarini ko‘rsatishni boshladi.
Bunga qadar u nayzaning uchi edi, xolos. 2017/18 yilning kuzida «Tottenxem» APLga murojaat bilan chiqdi. Unga ko‘ra, Kristian Eriksenning goli Xarri Keyn hisobiga yozildi. Daniyalik futbolchi jarimadan zarba yo‘llaganida, to‘p hujumchiga tekkan ekan. Keyn ushbu gol uchun o‘z huquqshunoslarini ishga soldi. Ochig‘i, futbol tarixida bunaqasi avval sodir bo‘lmagan edi. Soddaroq qilib aytganda, 3 yil avvalgi Keyn, asosan, o‘z statistikasi va jamoadoshlarining qo‘llab-quvvatlashi evaziga yuqori o‘rinlarda yuradigan oddiy 9-raqam egasi edi.
Hozir u umuman boshqa. So‘zimizga isbot sifatida chempionatning so‘nggi bahsida «Lester» darvozasiga kiritilgan golni ko‘rsatishimiz mumkin. Hujumchi qulay vaziyatga chiqdi, darvozabonni aldab o‘tdi, ammo zarba yo‘llamadi. O‘tkir burchakda turgani etmaganidek, «tulkilar» a’zosi kiper o‘rnida paydo bo‘ldi. Avvalgi Keyn o‘ylab o‘tirmay zarba yo‘llagan bo‘lar edi. Boz ustiga, hozir Muhammad Saloh bilan to‘purarlar poygasi avjiga chiqqan palla! Harri pauza ushladi va to‘pni qulayroq vaziyatdagi Beylga tashlab berdi.
14-assist yakunda «Tottenxem» uchun muhim bo‘lgan 3 ochkoni keltirdi. E’tibor qarating, Keyn so‘nggi 6 mavsum ichida umumiy hisobda 20 ta golli uzatmani amalga oshirgan. Yakunda nima bo‘lganini bilasiz. Keyn to‘purarlar poygasida Salohni ortda qoldirdi. Eng yaxshi hammuallif bo‘lishi taxmin qilingan Brunu Fernandesh va Kevin De Bryuyneni boshqa fazada dog‘da qoldirdi. Bu statistikalar qahramonimiz o‘zini «qayta qurayotganini» ko‘rsatib turibdi.
Keyn o‘yin uslubini o‘zgartirdi. Harri joriy mavsumda 125 ta hujum boshlovchi uzatmalarni amalga oshirgan. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan ikki barobar yaxshiroq degani. So‘nggi zarba berish uchun etkazilgan paslar sonida ham katta o‘sish bor: 43-23! Shuningdek, muvaffaqiyatli aldab o‘tish borasida ham katta progress! Keyn hech qachon texnikasi bilan maqtana olmagan. Endi esa, to‘pni markazda qabul qilib olishni boshlagach, bu borada ham o‘sishga erishdi. Hujumchi yakunlangan mavsumda 53 bor muvaffaqiyatli aldab o‘tishni amalga oshirgan. Bu uning faoliyatidagi mutlaq rekord!
Hujumchining o‘sayotganiga e’tibor berar ekansiz, gollar soni kamaymagani quvonarli. U xuddi o‘tgani 3 mavsumdagi kabi so‘nggi zarbalarning 16 foizini golga aylantirmoqda. O‘yin davomida yo‘llagan zarbalari soni ham kamaymadi. Boshqa aspektlardagi o‘sish sermahsullikka to‘sqinlik qilgani yo‘q.
Keyn ancha markazga qaytib to‘p surishni boshladi. O‘yinni yaxshi o‘qiy olgani uchun hujumning birinchi bosqichida uning ishtiroki katta naf berdi. «Vest Xem» darvozasiga kiritilgan golga e’tibor qarating! Darrov tushunib olasiz!
Soddaroq qilib aytganda, Keyn kamida EChL finalchisi darajasidagi mavsumni o‘tkazdi. Juda bo‘lmaganda, APL da’vogari bo‘lishga haqli edi. Buning o‘rniga u «Dinamo Zagreb» bilan Evropa Ligasida to‘qnash keldi. Endi 3-darajasi musobaqa - Konferentsiyalar Ligasi saralash bahslarida harakat qiladi.
Bejizga OAV Keynni yozda «shporlar»ni tark etishi haqidagi mish-mishlar yurgani yo‘q. Avvaliga, «Sky Sports», keyin «The Athletic» futbolchi allaqachon ruhan «Tottenxem»da emasligini e’lon qildi.
Garri Nevil uyushtirgan intervyuda hujumchi hammasini tan oldi:
«Katta o‘yinlarda to‘p surishni istayman. Ulkan voqealarga aloqador inson bo‘lgim keladi. Afsuski, bu voqealarni teleekran orqaligina tomosha qilishim mumkin. Ingliz klublari o‘z vazifasini munosib uddalamoqda. Faoliyatim so‘ngida alam qilmasligi uchun ham sovrin yutishni xohlayman. Hozir ayni payti. Klub va direktorlar bilan hammasini gaplashib olishimiz kerak. To‘g‘ri, ularning rejasi bor, biroq o‘zimni ortiq majburlay olmayman. Qaror qabul qilishim kerak».
Ko‘p o‘tmay, «The Athletic» intervyu sababli, Daniel Levining jahli chiqqanini ma’lum qildi. «Shporlar» nima qilib bo‘lsa-da, Harrini olib qoladi. Ularda bir nechta kozer qartalar bor. Futbolchining klub bilan tuzgan 3 yillik shartnomasi ustunlik beradi. Bir tomondan «taqachilar»ni tushunish mumkin. Ayni damdagi eng kuchli ingliz futbolchisini asosiy raqobatchilarga qo‘yib yuborishdan qanday naf? Keyn Angliyada qolishi turgan gap.
Muzokaralardagi eng muhim argumentni yodda saqlash kerak. Futbolchi uchun klub talab qiladigan summa. Keyn tez orada 28 yoshni qarshi oladi. Bu hujumchi pik formasiga chiqdi, degani. 3 yillik shartnomasi bor hujumchi 150 million funtdan kamiga qo‘yib yuborilmaydi. Ayniqsa, Daniel Levi singari ustasi farang vaziyatdan maksimum naf chiqarishga urinadi.
Shu o‘rinda, yana bir faktni unutmaslik kerak. O‘z vaqtida, Beyl ketgach, «shporlar» «to‘kilib» ketgani yo‘q. Futbolda almashtirib bo‘lmas ijrochilar bo‘lmaydi. Levi moliyaviy qiyin vaziyatda 150 million funt ishlab olishi va uni to‘g‘ri sarflash orqali jamoa hujumini emas, butun tarkibni yaxshilab olishi mumkin. Bu variant ham kuchda ekanligi aniq. Axir, Keyn 3 yildan keyin ham 100+ millionga baholanadi, deb hech kim kafolat bermaydi.
Umuman olganda, super hujumchiga achinish mumkin. Uning klubda qolishi qanchalar mantiqsiz ko‘rinsa, ketishi ham shu darajada imkonsiz.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar