Klopp Germaniya terma jamoasini boshqarishga tayyorligini tasdiqladi

  • 04.07.2026 08:08
  • Bilolbek Imomov
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Yurgen Klopp Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyligi lavozimini egalashga tayyor ekanini tasdiqladi.
⠀
Avvalroq Germaniya futbol ittifoqi (DFB) Jahon chempionati-2026dagi omadsiz ishtirokdan so‘ng Yulian Nagelsmann bilan shartnoma bekor qilinganini e’lon qilgan edi. Shuningdek, tashkilot Klopp bilan muzokaralarni boshlaganini ham rasmiy ma’lum qildi.
⠀
Hozirda "Red Bull" futbol yo‘nalishiga rahbarlik qilayotgan mutaxassis muzokaralar haqida shunday dedi:
⠀
"Ha, muzokaralar bo‘layotganini tasdiqlayman. Hammasi juda tez sodir bo‘ldi. Nagelsmann iste’foga chiqdi, Germaniya futbol ittifoqi esa yangi murabbiy izlamoqda va men bilan muzokara olib bormoqda".
⠀
Kloppning ta’kidlashicha, qaror qabul qilishdan avval "Red Bull" rahbariyati bilan ham kelishib olishi lozim.
⠀
"Buning uchun vaqt kerak. Mening "Red Bull" bilan amaldagi shartnomam bor. Men muzokaralarga qiziqish bildirganman, ammo ular juda jiddiy o‘tadi. Bu yerda gap faqat Nagelsmannning o‘rnini egalash haqida emas.
⠀
Men ish beruvchim Oliver Mintzlaff bilan ham suhbatlashishim kerak. Biz ayrim masalalarni muhokama qildik. O‘ylashimcha, u menga to‘sqinlik qilmaydi. Men bu yerda 19 oydan beri ishlayapman va bu davr juda sermahsul o‘tdi", — dedi Klopp.
⠀
Yakunda germaniyalik mutaxassis yangi chaqiriqqa tayyorligini ham bildirib o‘tdi.
⠀
"Men tayyorman. Muzokaralar boshlanishi bilan inson tezroq fikrlay boshlaydi. Biz vaziyatni tubdan o‘zgartirishimiz kerak", — dedi Klopp.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!