Kompanini “Bavariya”ga kim joylagani oshkor bo‘ldi
“Bavariya” rahbariyati kutilmaganda bosh murabbiylik belgiyalik mutaxassis Vensan Kompanini olib keldi.
Kompani kuchli beshlik ligalarida katta muvaffaqiyatlarga erishmagan. Angliyadagi faoliyati davmomida “Byornli”ni qisqa muddatda Premer-ligaga olib chiqdi. Biroq, bu mutaxassis boshqaruvidagi jamoa kuchlilar safidagi joyini saqlab qola olmadi.
Kutilmaganda Bundesliga grandi tajribali Tomas Tuxel o‘rniga Vensan Kompanini bosh murabbiy etib tayinladi.
Ma’lumotlarga qaraganda, myunxenliklarning tanloviga “Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola ta’sir o‘tkazgan.
“Bavariya” sport direktori Maks Eberl ispaniyalik mutaxassis tavsiyasiga ishongan holda jamoani Kompaniga topshirishga qaror qilgan.
- Sport direktorimiz Kompanini bosh murabbiy sifatida tanladi. Uni bizga Gvardiola tavsiya qilgan edi. Gvardiola “Manchester Siti”da Vensan Kompaniga ustozlik qilgan va uning “Byornli”dagi faoliyatini kuzatib borgan, - dedi “Bavariya” klubi boshqaruv kengashi raisi Karl-Xaynts Rummenigge.
Fikrlar