Konferensiyalar ligasi. Behruz Karimov debut qilgan bahsda «Lugano»dan irodali g‘alabani qo‘lga kiritdi
UEFA Konferensiyalar ligasi umumiy bosqichining 1-turida «Lugano» o‘z maydonida «Crvena Zvezda»ni 3:2 hisobida mag‘lub etdi. O‘zbekistonlik himoyachi Behruz Karimov Shveytsariya klubi safida ilk bor evrokuboklarning asosiy bosqichida maydonga tushdi.
Uchrashuvda mezbonlar 25-daqiqada Albian Ayetining goli bilan hisobni ochdi. Timi Elshnik esa yetti daqiqadan so‘ng muvozanatni tikladi. Ikkinchi bo‘limda Rade Krunich serbiyaliklarni oldinga olib chiqdi.
«Lugano» yakunda irodali g‘alabaga erishdi. Derek Monkada 84-daqiqada hisobni tenglashtirdi, 90-daqiqada esa Anto Grgich penaltini aniq amalga oshirib, mezbonlarga uch ochko olib keldi.
19 yoshli Behruz Karimov uchrashuvni asosiy tarkibda boshladi va 73-daqiqada almashtirildi.
«Lugano» Konferensiyalar ligasining navbatdagi turida 22 oktyabr kuni safarda «Xetafe»ga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 21:45 da boshlanishi rejalashtirilgan.

Fikrlar