Koreyaga yutqazgan O'zbekistonga FIFAdan syurpriz
O‘zbekiston milliy futbol terma jamoasi sentabr–oktyabr oylarida o‘tkazilgan xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlaridan so‘ng FIFAning live-reyting jadvalida bir pog‘ona yuqori ko‘tarildi.
Yangilangan ko‘rsatkichlarga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi 60-o‘rindan 59-pog‘onaga ko‘tarilib, hozirda 1416,61 reyting ochkosiga ega. 20 iyulda e’lon qilingan so‘nggi rasmiy reyting bilan taqqoslaganda, jamoa bir pozitsiyaga yaxshilangan.
24 sentabr kuni O‘zbekiston Toshkentda bo‘lib o‘tgan o‘yinda Eron terma jamoasini 3:1 hisobida mag‘lub etdi va bu g‘alaba jamoaga 6,83 reyting ochkosini olib keldi.
1 oktyabrda esa terma jamoa Suriya ustidan 4:1 hisobida ishonchli g‘alaba qozonib, yana 3,75 ochko qo‘shib oldi.
Shuningdek, 6 oktyabr kuni safarda Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinda o‘zbekistonliklar 0:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Ushbu natija hisobidan terma jamoa 3,70 reyting ochkosini yo‘qotdi.
Umuman olganda, uchta o‘rtoqlik uchrashuvi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining reytingi 6,88 ochkoga oshgan.
Jadvalda O‘zbekistondan bir pog‘ona yuqorida, 58-o‘rinda 1428,88 ochko to‘plagan Ruminiya joylashgan. 57-pozitsiyada esa 1429,32 ochkoga ega Bosniya va Gertsegovina terma jamoasi qayd etilgan.

Fikrlar