Kriket bo‘yicha "Mustaqillik kubogi": "ANFA" jamoasi chempion

Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Yozgi Olimpiya oʻyinlari dasturidan oʻrin olgan kriket mamlakatimizda jadal rivojlanayotgan sport turlaridan biri hisoblanadi. Oʻzbekiston Kriket federatsiyasi tomonidan mazkur sport turini ommalashtirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yoshlar oʻrtasida kriketga qiziqishni oshirish hamda iqtidorli sportchilarni erta aniqlash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, yoshlar oʻrtasida kriketni keng targʻib qilish, isteʼdodli sportchilarni saralab olish va ularni klublar hamda milliy terma jamoalar tarkibiga jalb etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Ana shunday saʼy-harakatlar samarasi oʻlaroq, joriy yilning 12 sentabr kuni Toshkent viloyatining Qibray tumanida joylashgan "ANFA" xalqaro kriket stadionida Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan klublar oʻrtasida "Mustaqillik kubogi" turniri tashkil etildi.

Turnirda ishtirok etgan jamoalar kun davomida qizgʻin va murosasiz bellashuvlarda oʻzaro kuch sinashdi. Musobaqaning hal qiluvchi bahsida Toshkent shahrining "ANFA" hamda "Oʻzbekiston Stars" jamoalari finalda maydonga tushdi.

Yakuniy natijalarga koʻra, raqibidan ustun kelgan "ANFA" jamoasi musobaqada birinchi oʻrinni egallab, "Mustaqillik kubogi" sohibi boʻldi.

Turnir doirasida musobaqaning tantanali ochilish marosimi hamda gʻolib va sovrindorlarni taqdirlash tadbiri ham tashkil etildi. Unda Oʻzbekiston Kriket federatsiyasi raisi Aziz Mihliev ishtirok etib, musobaqa ishtirokchilarini qutladi va kriket sport turini mamlakatimizda yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr bildirdi.

"Mustaqillik kubogi" turniri nafaqat klublar oʻrtasidagi raqobatni kuchaytirish, balki yosh va iqtidorli kriketchilarni qoʻllab-quvvatlash, ularning sport mahoratini oshirish hamda mamlakatimizda kriketning ommaviyligini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli boʻldi.

Ilhom RAHMONOV tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!