Kroos: "Ronalduga yetarlicha hurmat ko‘rsatishmayapti"
"Real"ning sobiq yarim himoyachisi Toni Kroos Saudiya Arabistoni chempionatida Krishtianu Ronalduga nisbatan munosabatni tanqid qildi.
Avvalroq portugaliyalik yulduz "Al-Riyad" va "Al-Ittihod"ga qarshi o‘yinlarni o‘tkazib yuborgani xabar qilingan edi. Ma'lumotlarga ko‘ra, Ronaldo Saudiya Arabistoni Suveren jamg‘armasi tomonidan "An-Nasr" boshqarilishidagi ayrim qarorlardan norozi bo‘lgan. Uning fikricha, klubga chempionlik kurashida to‘siqlar yuzaga keltirilmoqda. Shuningdek, ayrim xodimlarga maoshlar kechiktirilgani ham norozilik sabablaridan biri bo‘lgan.
Bugun "An-Nasr" qarzdorliklarni bartaraf etganidan so‘ng Ronaldo norozilik harakatini to‘xtatishi ma'lum qilindi. Uning shanba kuni "Al-Fateh"ga qarshi o‘yinda maydonga qaytishi kutilmoqda.
"Saudiya Arabistoni chempionati g‘alati hodisa. Krishtianu Ronaldo kelguniga qadar hech kim bu liga haqida eshitmagan edi, endi esa ular o‘zlarini jahon xaritasiga qo‘shgan insonga nisbatan hurmatsizlik qilmoqda.
Ishonchim komilki, agar Krishtianu ertaga ketsa, bu liga o‘z jozibasini to‘liq yo‘qotadi", — dedi Kroos.
Fikrlar