La Liga prezidenti "Barselona"ning sirlarini oshkor qilgani uchun lavomidan haydalishi mumkin
Ispaniya La Ligasi prezidenti Xaver Tebas diskvalifikatsiya yoki lavozimidan chetlatilish xavfi ostida qoldi, deb yozadi AS nashri. Bunga "Barselona" futbol klubining maxfiy moliyaviy ma’lumotlari oshkor qilingani sabab bo‘lgan.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, 21 noyabr, juma kuni Ispaniya sport ma’muriy tribunali (TAD) Tebasga qarshi ish qo‘zg‘atgan. Ayblov "2025 yil 2 aprelda La Liga rasmiy saytidagi bayonot orqali "Barselona" tomonidan klublar byudjetini tuzish normasiga muvofiq taqdim etilgan ma’lumotlar va ma’lumotlarni ommaga e’lon qilish" bilan bog‘liq. Reglamentga ko‘ra, bunday ma’lumotlar maxfiy hisoblanadi va ma’lumotlarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonun bilan tartibga solinadi.
Bunga "Barselona"ning o‘tgan mavsumdagi moliyaviy muammolari sabab bo‘lgan. O‘shanda Kataloniya klubi 2024 yilning yozida Germaniyaning "Leypsig" klubidan 55 million evroga sotib olingan futbolchi Daniel Olmoni ro‘yxatdan o‘tkazishda qiynalgan edi. Avvalroq La Liga "ko‘k-anorranglilar"ning "Kamp Nou"dagi VIP lojalarni sotish bilan bog‘liq moliyaviy qiyinchiliklari haqida xabar bergan edi. Liganing yangi auditori "Barselona" sotilmagan VIP-o‘rinlardan tushgan 100 million evro daromadni moliyaviy hisobotga noto‘g‘ri kiritganini aniqladi. Shu sababli liga klubga futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish imkonini beruvchi kelishuvni bekor qilmoqchi edi.
"Barselona" Tebasni maxfiylikni buzganlikda aybladi. Bunga javoban La Liga o‘z rasmiy sayti va boshqa rasmiy kanallaridan xabarni o‘chirib tashladi. Agar TAD mansabdor shaxsni aybdor deb topsa, u ikki oydan bir yilgacha diskvalifikatsiya yoki lavozimidan chetlashtirishgacha bo‘lgan jazoga tortilishi mumkin.
Fikrlar