Laporta hakamlikdan norozi: UEFA rahbariga shaxsan o‘zi qo‘ng‘iroq qildi
"Barselona" prezidenti Joan Laporta Chempionlar ligasi chorak finalida "Atletiko"ga qarshi bahslardagi hakamlik yuzasidan UEFA rahbari Aleksander Cheferinga toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻngʻiroq qilgan.
Bu haqida "Mundo Deportivo" nashri xabar berdi.
Manbaga koʻra, Laporta suhbat davomida hakamlar ishidan qattiq noroziligini bildirgan.
Shuningdek, "Metropolitano"dagi javob uchrashuvi tanaffusida u UEFA bosh kotibi Teodor Teodoridis va uning oʻrinbosari Jorjo Marketti bilan ham uchrashgan.
Laporta ularga birinchi boʻlimda bosh hakam Kleman Tyurpen qabul qilgan qarorlardan shikoyat qilgan. Ayniqsa, Dani Olmoga nisbatan belgilangan penalti va Xuan Mussoning Fermin Lopesga qarshi harakati alohida taʼkidlangan.
Bundan tashqari, kataloniyaliklar rahbari birinchi uchrashuvda ishlagan Ishtvan Kovachning hakamligini ham tanqid qilgan.
Shu bilan birga, Laporta UEFA mutasaddilarini "Barselona" tomonidan Mark Pubil oʻz jarima maydonida toʻpga qoʻl tekkizgani boʻyicha kiritilgan rasmiy norozilikni qabul qilinmas deb topgani uchun ham keskin tanqid qildi.

Fikrlar