
Legionerimiz endi boshqa chempionatda o‘ynaydi. Unga 4 oylik shartnoma taklif qilindi
O‘zbekistonlik futbolchilar orasida ko‘pchiligi xorijda to‘p suryapti. Bu borada kimni qaerda o‘ynayotganini eshitganlar ham, eshitmaganlar ham bor. Biz esa imkon qadar legionerlarimizni qaerda va qanday faoliyat olib borayotgani xususida ma’lumotlar berib borishga va ularni yoritishga harakat qilyapmiz.
Bu safar ham yana bir legionerimizga to‘xtalib o‘tmoqchimiz. Gap 32 yoshli himoyachi Murod To‘ychiboev haqida ketmoqda. U dekabr oyida Indoneziyaga jo‘nab ketdi va Liga 2 qatnashchisi – “Persiku” jamoasi a’zosiga aylandi.
E’tiborlisi, u 2019 yildan beri legioner sifatida boshqa mamlakatlarda to‘p surib keladi. To‘ychiboev yurtimizda ham faoliyat olib borgan. Jumladan, “Metallurg”, “Dinamo”, “Navbahor”, “Neftchi”, “Nurafshon”, “Oqtepa” va “Surxon”da o‘ynagan. Uning xorijda to‘p surgan klublari soni esa 8 taga etdi.
Murod Bangladeshning “Arambag”, “Brazers Yunion”, Gruziyaning “Torpedo Kutaisi”, Maldivning “Iglz”, Qirg‘izistonning “Alay” va “Kirgizaltin”, Indoneziyaning PSKS va mana endi “Persiku” jamoasida to‘p surmoqda. Ko‘rib turganingizdek, u o‘ynagan klublar orasida “Torpedo Kutaisi” nomdorroq va kuchliroq edi.
To‘ychiboev Indoneziyaga ketgunga qadar Qirg‘iziston chempionatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgandi. Qizig‘i, hamyurtimiz faoliyati davomida hozirga qadar bitta gol urgan. 2021 yili Gruziya chempionatida “Torpedo Kutaisi” safida to‘p kiritgan. Shuningdek, faoliyatida 4 marta gollarga assistlik qilgan. Endi esa u o‘z omadini yana bir bor Indoneziya chempionatidan izlamoqda.
Hozirda u to‘p surayotgan klub Liga 2 da ishtirok etayotgani to‘g‘risida yuqorida to‘xtaldik. Bu xuddi bizning pro ligamiz kabidir. Futbolchimiz u erga ikkinchi davrada qo‘shildi. Ammo legionerimiz hali debyut o‘yinini o‘tkazgani yo‘q (4 yanvar kuni debyut o‘yinini o‘tkazishi kutilmoqda). Ortda qolgan uchta uchrashuvda u maydonga tusha olmadi. Bunga transfer oynasi sabab bo‘ldi. 19 dekabrda transfer oynasi ochilgan va endi yanvar oyidan u rasmiy bahslarda ishtirok etish imkoniga ega.
Qizig‘i shundaki, Murod To‘ychiboev “Persiku” bilan 4 oylik shartnomaga imzo chekdi. Chempionat tugagach, u yana erkin agentga aylanadi. Ko‘rinib turibdiki, “Persiku” klubi To‘ychiboevni chempionat oxirigacha yordam berishi uchun taklif qilgan. Chunki klub hozirda turnir jadvalida pastki o‘rinlardan birini egallab turibdi va imkon qadar yuqoriga ko‘tarilish harakatida. Shu sababli qisqa muddat uchun Murod To‘ychiboevning xizmatidan foydalanishni va ayniqsa himoyadagi muammolarni bartaraf etishni ko‘zlashgan.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar