Legionerimiz jamoasi Chempionlar ligasidagi g‘alabaga qancha oldi?

  • 15.10.2026 00:00
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Ozarbayjonning amaldagi chempioni "Sabah" oʻz tarixida ilk bor Yevropa Chempionlar ligasida ishtirok etmoqda. Bokuliklar qit’aning eng nufuzli musobaqasida umumiy bosqichga chiqqani mavsum sensatsiyasi sifatida qabul qilindi. 

"Sabah" birinchi turda "Old Trafford"da "Manchester Yunayted"ga 0:4 hisobida yutqazgan boʻlsa-da, jamoa oʻyini alohida eʼtirof etildi. 

Ikkinchi turda "Sabah" tarixiy natija qayd etdi. Boku shahridagi bahsda jamoa Chexiyaning "Slaviya" klubini qabul qilib, raqib darvozasiga javobsiz ikkita toʻp kiritdi. 

Hisob ikkinchi boʻlim boshida, 49-daqiqada Kahim Perris tomonidan ochildi. Uchrashuvning 88-daqiqasida esa Joy-Lans Mikels mezbonlar ustunligini mustahkamladi. Bellashuv Bokudagi Olimpiya stadionida boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Umarali Rahmonaliev gʻalabali uchrashuvda toʻliq oʻynadi va "Sabah" muvaffaqiyatiga katta hissa qoʻshdi.

Yevropa Chempionlar ligasi umumiy bosqichi ikkinchi turidagi gʻalaba legionerimiz jamoasiga 2,1 million yevro miqdorida bonus keltirdi. 

Avvalroq jamoa umumiy bosqichga yoʻl olgani uchun 18,62 million yevro miqdoridagi toʻlovni ham kafolatlab boʻlgan edi.

Eslatib oʻtamiz, Umarali Rahmonaliev Boku jamoasi safida 2025 yilning yanvaridan beri oʻynab kelmoqda. Aslida “Bunyodkor” tarbiyalanuvchisi hisoblangan Umarali 20023 yilda Toshkent klubidan Rossiyaning “Rubin” jamoasiga erkin agent maqomida borib qoʻshilgan edi.

“Rubin” asosiy tarkibga kirishga qiynalgan oʻzbek futbolchisini “Sabah”ga ijaraga joʻnatdi. Keyin bokuliklar iqtidorli yarim himoyachini toʻliq transfer qildi.

22 yoshli Umarali Rahmonaliev oʻtgan mavsumda Ozarbayjon chempionati va mamlakat kubogi bahslarida jami 34 ta uchrashuvda maydonga tushib, oltita gol va ikkita assist muallifi boʻldi.

Rahmonaliev “Sabah” jamoasi safida Ozarbayjon chempioni va ikki marta mamlakat kubogi sohibiga aylandi.

Umarali 2026/2027 yildgi yangi mavsumni ancha erta boshlab, UEFA Chempionlar ligasi va Ozarbayjon chempionatida hozirgacha jami 14 ta uchrashuvda ishtirok etdi. Hamyurtimiz bu bahslarda oʻz hisobiga ikkita gol va uchta assist yozdirib qoʻydi. 

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!