Legionerimizning xorijdagi hayoti: meni mahalliy o‘yinchidek qabul qilishyapti, faoliyatimni O‘zbekistonda tugatishni istayman, lekin...

  • 1 aprel, 2021, 23:25
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Tajribali futbolchilarimizdan biri Oleg Zoteev o‘tgan yildan beri faoliyatini Janubiy Koreya chempionatida davom ettirmoqda. U “Chonnam Dragons” tarkibida to‘p surayotgani yaxshi bilasiz. Zoteev yaqinda jamoasi bilan shartnomasini bir yilga uzaytirgandi. Legionerimiz Koreyadagi hayoti, klubidagi faoliyati va yana boshqa mavzularda gapirdi.

“Bu yil men uchun oson kechyapti”

- “Chonnam Dragons” bilan yana bir yillik shartnomam bor, 31 dekabr kuni bitim o‘z kuchini yo‘qotadi. Bilasiz, o‘tgan yili jarohat olib, hamma o‘yinda ham ishtirok eta olmagandim. Bu erga to‘liq moslashib olganman, men uchun barchasi a’lo darajada. Klubdagi muhit ham yaxshi, barcha futbolchilar bilan yaqin aloqa o‘rnata olganman. Meni jamoadagilar hatto mahalliy o‘yinchidek qabul qilishyapti. Shu sababli, o‘zimni legioner sifatida 50x50 his qilyapman (kuladi). Bu yil o‘tgan yilgidan ko‘ra, men uchun osonroq kechyapti. Yigitlar bilan munosabat zo‘r, ko‘pincha birgalikda ovqatlanamiz.

“Hozircha maqsadimiz kuchli to‘rtlik”

-  O‘tgan yilgi tarkibga qaraganda, bu mavsumda jamoamizda 7-8 nafar futbolchi qolgan. Safimizga ko‘plab yangi o‘yinchilar kelgan. Klubni yangi prezident qabul qilib oldi. Bugungi paytda maqsad sifatida kuchli to‘rtlikka kirish qo‘yildi. Lekin “Key-1”dan jamoamizga ikki-uchta futbolchi kelmoqchi. Ana shunda menimcha, dastlabki o‘rinlar uchun kurashamiz. Qolganini ko‘ramiz, hozircha to‘rtta turda uchta durang va bitta g‘alaba qozondik.

zoteev_7

“Hamyurtlarimiz bilan Seulda oshga borib turamiz”

- Rustam Ashurmatov, Ikrom Aliboev va Jamshid Iskanderov bir necha mavsumdan beri Janubiy Koreya chempionatda to‘p suryapti. Endi Islom Kenjaboev ham qo‘shildi. Dam olish kunlarida ular bilan Seulda ko‘rishib, oshga boramiz. Ular bilan ilgari klubda ham, termada ham birga o‘ynaganmiz. Hamyurtlarimiz bilan doim aloqadamiz, gaplashib turamiz va bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaymiz.

“Hozircha aniq rejalarim yo‘q”

- 100 foizli rejam bu yil ham, kelasi yilga ham yo‘q. Nimagaki, hammasi Xudodan. Faqat jarohat olmaslikni xohlayman. Ana shunda doimiy o‘yin amaliyotiga ega bo‘laman va jamoamga ham etarlicha yordam bera olaman. Keyingi yil qaerda to‘p surishimni o‘zim ham bilmayman. Lekin faoliyatimni O‘zbekistonda tugatishni istayman. Ammo bu qachon sodir bo‘lishini bilmayman, hammasini vaqt ko‘rsatadi.

zoteev1_1

“Bu erda hammasi yoqimli”

- Bu yil 32 yoshga to‘laman. Shu yoshda Koreya chempionatida to‘p surish juda qiyin. Server Jeparov ham bu erda o‘ynagan, u ham qanaqa temp, qanday raqobat mavjudligini yaxshi biladi. Janubiy Koreya chempionatida o‘ynash juda qiyin. Jarohat bo‘lmasa, doim raqobatga tayyorman. Bu erda hammasi yoqimli.

“Aliboev to‘g‘ri qaror qabul qildi”

- Ha, Aliboev klubini almashtirdi. Bilsangiz kerak, u oxirgi etti oy o‘ynamagan, sababi jarohati bor edi. Yaqinda Germaniyadan qaytib keldi. “Seul” bilan gaplashib shartnomani bekor qildi va “Key-2” klubiga o‘tdi. Uning yangi jamoasida “Key-1”ga chiqish uchun vazifasi bor. Menimcha, Ikrom to‘g‘ri qaror qabul qildi. Jarohatdan keyin tiklanib, o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi kerak. Bunday vaziyatda “Seul”da o‘ynab ketishi qiyinroq edi. Sababi, boya aytganimdek, bir necha oy o‘ynamadi, u erda raqobat ham kuchli. Rostini aytsam, yozda “Key-1”dan “Key-2”ga yozda o‘yinchilar ko‘proq o‘tadi. Ayniqsa, o‘yin amaliyoti kamroq futbolchilar klubini almashtiradi. Ikkala chempionatning saviyasi deyarli bir xil. Hatto “Key-2” ligasida terma jamoa futbolchilari ham bor. Aliboevning qarori to‘g‘ri, u bu erda yana o‘zini ko‘rsatib, “Key-1”ga qaytadi.

zoteev3_2

“Jamoamdagi qariyalardan biriman”

- Jamoadagilar bilan bemalol gaplasha olaman, tarjimon ham bor. Hamma bilan munosabatim yaxshi. Klubdagi eng qari o‘yinchi deyarli o‘zimman, hali aytganimdek, 32 ga kiryapman. To‘g‘ri, darvozabonlarimiz kattaroq. Biri men bilan teng, yana biri 34 ga kirgan. Qolganlari mendan kichkina. U erda o‘zidan kattalarga juda katta hurmat bilan qarashadi. Sizni ovqatlanishga taklif qilishadi yoki boshqa tomondan ehtirom ko‘rsatadi. Bu juda yoqimli. Klubda men uchun hammasi yaxshi, murabbiylar ham menga ishonyapti. Bu yil jamoamizga ikkita braziliyalik va bitta nigeriyalik legionerlar qo‘shildi. Ular ham yaxshi yigitlar ekan.   

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!