"Liverpool" oʻz yulduzini "Barsa"ga yuborib, oʻrniga Frenki de Yongni olmoqchi
Katta rokirovka
«Liverpool» mavsumni kutilganidek kuchli boshlay olmadi va shundan beri tarkibni mustahkamlash yo‘llarini izlamoqda. Mersisayd klubi yarim himoyani kuchaytirish uchun «Barselona» futbolchisi Frenki de Yongni qo‘lga kiritish variantini ko‘rib chiqmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kataloniyaliklar de Yongni sotishga qarshi emas, ammo uning transferi uchun kamida 65 million yevro talab qilmoqda. «Liverpool» esa bu narxni ortiqcha deb hisoblamoqda.
El Nacional nashri Fanatik manbasiga tayanib xabar berishicha, angliyaliklar Frenki de Yong bo‘yicha kelishuvga o‘z futbolchisi Florian Virtsni ham qo‘shishni taklif qilmoqda. Bunday variant amalga oshsa, aksincha «Barselona» tomoni «Liverpool»ga ustama to‘lashga majbur bo‘lishi mumkin.
Xabarda ta’kidlanishicha, «Liverpool»da o‘z salohiyatini to‘liq namoyish eta olmayotgan Virt «Barselona» bosh murabbiyi Hans-Diter Flikni qiziqtirmoqda. Shu bilan birga, katalon klubida bu pozitsiyada allaqachon bir necha futbolchi bor va shu bois «Liverpool» taklifi ularni qanchalik qoniqtirishi hozircha noma’lumligicha qolmoqda.

Izohlar (0)