
"Lokomotiv" bosh murabbiyi: "Jamoani Superligada olib qolamiz, deb ayta olmayman"
O‘zbekiston Superligasi 23-turidan o‘rin olgan “Paxtakor” – “Lokomotiv” (2:0) o‘yinidan so‘ng mehmonlar ustozi Denis Korostichenko jamoaning asosiy maqsadi, Islom Qobilov, zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar hamda uni Yurgen Kloppga qiyoslashlari haqida fikr bildirdi.
“Raqib bugun muhim o‘yinda g‘alaba qozondi. Ular chempionlik uchun kurashmoqda. Yaratilgan vaziyatlardan foydalanishdi. Biz esa yo‘q. O‘yinni tahlil qilamiz.
Islom Qobilovning pozitsiyasi shunaqa, xatolar bo‘lib turadi. Xato balki boshqa chiziqlarda kuzatilgan bo‘lishi mumkin. Ungacha, boshqa o‘yinchilar ham xato qilgandir. Analiz qilamiz. Uning pozitsiyasida unga o‘rinbosar futbolchi yo‘q. Undagi xatolar futbolda bo‘lib turadi.
Men Kloppning emas, 15 yildan buyon “Liverpul” muxlisiman. Kloppning “Liverpul”ga kelganidan albatta xursand bo‘lganman.
Katta ishonch bilan “Lokomotiv”ni Superligada olib qolamiz, deb ayta olmayman. Sababi, bizni oldinda chempionlik uchun kurashayotgan va OFK Kubogida o‘ynagan jamoalarga qarshi o‘yinlar kutmoqda. Ammo, shunday bo‘lsada, har bir o‘yinda g‘alaba uchun o‘ynaymiz.
Ali Abdurahmonov va Igor Chikrizov mavsum avvalida asosiy tarkibda maydonga tushdi, ammo, ular hali asosiy jamoa uchun tayyor emas. Ali Abdurahmonov yoshlar jamoasida gollar ura boshladi, o‘sish bor. Bugun ham yaxshi o‘ynadi. Hali yana o‘sadi.
Jasur Jaloliddinov maydonda hissiyotlar bilan o‘ynaydi. Unda etakchilik qobiliyati bor. Olimpiya termamiz sardori. Balki oxirgi o‘yinlarda bizga yana yordam berar.
O‘zPFL matbuot xizmati
Fikrlar