London derbisi: Barqaror Mourino jamoasi beqaror “Arsenal”ga qarshi (prevyu)

APL joriy mavsumi avvalgilaridan ham ko‘proq kutilmagan natijalarga boy o‘tyapti. Bir tur katta ustunlik bilan g‘alaba qozongan jamoa kelgusi hafta yakunida kimningdir o‘ljasiga aylanadi. Joriy mavsumning ushbu o‘ziga xosligi haqida bejizga gapirmayapmiz. “Shporlar” joriy mavsumda 21 ochko to‘plagan holda turnir jadvalining birinchi pog‘onasida bormoqda. “Liverpul”da ham bir xildagi ochkolar miqdori mavjud. O‘tgan mavsum hisobidan 2 ta titul yutishga muvaffaq bo‘lgan Mikel Artetaning joriy yildagi ko‘rsatkichlari havas qilarli darajada emasdi. 

“Tottenxem Xotspur” stadionida bo‘ladigan bellashuvga Angliya hukumati 2000 tagacha tomoshabinlarning kirishiga ruxsat berishi mumkin. Mourinoning o‘z mag‘lubiyatsiz seriyasidan rohatlanishiga muxlislarning qo‘llab turishi yana ham yordam berib yuborgan bo‘lardi. 

“Tottenxem”

“Manchester Siti” va “Chelsi”ga qarshi o‘yinlarda 4 ochko to‘plagan jamoa uchun bu u qadar yomon ko‘rsatkich emas. Ketma-ket o‘yinlarda katta jamoalarga qarshi harakat qilish toliqtirishi aniq. Buni Evropa Ligasi doirasidagi LASKga qarshi o‘tgan o‘yin ham isbotlab turibdi. 

1961 yilda so‘nggi marotaba Angliya taxtiga chiqqan jamoa uchun uzoq kutilgan chempionlik onlari yaqinga o‘xshayapti. Buning uchun navbatda kutib turgan xavfli raqiblardan ham kerakli ochkolarni ola bilish kerak. Keyingi hafta yana bir “London derbisi” kutib turibdi. “Kristal Pelas” hech bir raqibga o‘z uyida osonlik bilan 3 ochkoni tutqazib qo‘ymaydi. Navbatda yana “Liverpul”, “Lester” va “Vulverxempton” kabi raqiblar. 

Quvonarli statistikalar haqida gapiradigan bo‘lsak, “shporlar” joriy mavsumda o‘z uyida o‘tkazgan 5 ta o‘yinida 13 ochko to‘plashga erishgan. Jamoa etakchisi Xarri Keyn ham “Arsenal”ga gol urishni yaxshi ko‘radi: 12 ta o‘yinda 10 ta gol. 

Jamoa tarkibi haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, bir qator etakchilarda sog‘liq bilan bog‘liq muammolar mavjud. Regilon, Vinisius, Alderveyreld va Keynning maydonga tushishi so‘nggi daqiqalargacha so‘roq ostida bo‘lib turibdi. Erik Lamela esa bugun derbida ko‘rinish bermasligi aniq bo‘lib ulgurgan. 

“Squawka.com” nashri taqdim etgan taxminiy tarkibda mezbonlar tarkibi muammosiz bo‘lishi ko‘rsatilgan. Agar Jo Rodonning mudofaa markazida o‘ynayotganiga o‘rganib qolganimizni inobatga olmasak…

“Arsenal”

“London derbisi” maqomidagi 201-bahs oldida turar ekanmiz, ustunlik “kanonirlar” tarafida ekanini ko‘ramiz. Ushbu bellashuvlarning 82 tasida “Arsenal”, 65 tasida esa “Tottenxem” g‘alaba qozongan. Ammo bugungi natijalarga qarar ekanmiz yanada komil ishonch bilan bu shunchaki tarix ekanligini aytamiz. 

Joriy mavsumda Ligadagi ishlar na Artetani va na muxlislarni qoniqtiradigan darajada bo‘lib turibdi. So‘nggi 6 ta o‘yinning bittasidagina g‘alaba qozongan “to‘pchilar” bugun turnir jadvali etakchisiga qarshi o‘ynaydi. O‘tgan turda “Vulverxempton”dan uchralgan mag‘lubiyat amalda anchayin hal qiluvchi obrazda edi. Ushbu o‘yinda g‘alaba qozongan taqdirda, Arteta shogirdlari markaziy o‘yinga boshqacharoq kayfiyatda kelgan bo‘lardi. Bugungi mag‘lubiyat ularni xavfli zonaga qadar yaqinlashtirib yuboradi. Demak, ular oldinga tashlanishga majbur. Bu ularning xatolarni ko‘proq amalga oshirishiga zamin yaratib berishi mumkin. 

Bu mavdagi natijadan ham yomonroq natija 1981-1982 yilda ro‘y bergandi, xolos. Bugun g‘alaba qozona olmagan taqdirda, bu APLda ketma-ket to‘rtinchi g‘alabasiz o‘yin bo‘ladi. Ha, klub rahbarlari Artetadan tizimli ravishda kuchayib borishni talab qilishgandir. Ammo Chempionshipda emasligi aniq…

Artetaning tavakkal qilib oldinga tashlanishini kutish biroz qiyindek ko‘rinmoqda. U taktikani turli murabbiylardan o‘rganib, amalda tatbiq etayotgan strateg inson. O‘tgan mavsumda grandlarga qarshi namoyish etgan o‘yinini takrorlay olgan taqdirda “Tottenxem” ancha qiyin ahvolda qolishi aniq. 

Tomas Parti (jarohat) va Nikolya Pepe (diskvalifikatsiya) ushbu uchrashuvni o‘tkazib yuboradi. David Luiz va Chembersning maydonda ko‘rinish berishi so‘roq ostida bo‘lib turibdi. Ammo Artetada hozircha zaxira imkoniyatlari etarli. 

Murabbiylar

Joze Mourino: “2000 ga yaqin muxlislarning maydonda bo‘lishi ham bizga ulkan shodlik taqdim etadi. Ularning qo‘llab-quvvatlashi ostida derbida o‘ynash yoqimli. 

Raqib holati va bizning qayerda ekanligimizning ahamiyati yo‘q. G‘alaba qozonishimiz lozim - tamom! “Arsenal” yakuniga etgan mavsumda kubok bahslarida qanday ishlarni amalga oshirganini hammamiz ko‘rdik. Demakki, ular bilan hazillashib bo‘lmaydi. 

Derbida jamoalar holati, turnir jadvalidagi ahvol, jarohatlar haqida gapirib o‘tirish nojoiz. Bu shunchaki, “Tottenxem” - “Arsenal bahsi!"

2gpWb3LZ

Mikel Arteta: “Biz mana shunday o‘yinlar uchun ham APLni yaxshi ko‘ramiz. Mendan qanday o‘yinda maydonga tushish yoqimli deb so‘ralsa, “Shimoliy London derbisi”da deb aytgan bo‘lardim. 

Bu boshqacha atmosfera, bu o‘zgacha hissiyotlar. Boshqa darajadagi bellashuv bizni kutib turibdi. Ushbu qarama-qarshilikda g‘alaba qozonish biz qatori muxlislarimiz uchun ham ulkan quvonch baxsh etgan bo‘lardi. Bu qo‘limizdan keladi, deb o‘ylayman”. 

TGbbai01

Xulosa o‘rnida

Mourino hech bir jamoasi bilan “Arsenal”ga qarshi uy uchrashuvlarini hech qachon yutkazmagan. Barchasi kutilganidek o‘tadigan bo‘lsa, yuqoridagi statistikaning yo‘qqa chiqish ehtimoli juda kam. 

Murabbiylar esa bugungi kungacha bo‘lgan natijalarni eslashni xohlamayotganini yuqorida ko‘rdingiz. Amalda ham bunday katta jamoalar to‘qnashuvida barcha narsa maydonning o‘zida hal bo‘ladi. Taxmin sifatida ayta olamizki, “Tottenxem”- favorit. “Arsenal” 90 daqiqa ichida o‘z imkoniyatlarini kutishga majbur. 

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!