Luis Enrique "Manchester Yunayted"ni rad etib, PSJ bilan yangi shartnoma imzolashga yaqin
Frantsiyaning PSJ klubi bosh murabbiyi Luis Enrique kelasi mavsumdan boshlab "Manchester Yunayted"ni boshqarish imkoniyatini rad etishi kutilmoqda. Bu haqida "i paper" nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, ispaniyalik mutaxassis amaldagi shartnomasi 2027 yilgacha amal qilishidan qat’i nazar, parijliklar bilan hamkorlikni yanada uzaytirishga tayyor.
"Manchester Yunayted"ning Enrikega bo‘lgan qiziqishi klub bosh direktori Omar Berrada va futbol direktori Jeyson Uilkoks bilan bog‘liq. Biroq klubning "Ineos" kompaniyasiga tegishli egalari boshqa variantni afzal ko‘rishmoqda.
Xususan, ular jamoani vaqtincha bo‘lsa-da, Maykl Kerrikka topshirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamoqda. Ayniqsa, agar u jamoani yana Chempionlar ligasiga olib chiqishga muvaffaq bo‘lsa.
Qayd etilishicha, Kerrik hozirgi lavozimida yaxshi natijalar ko‘rsatmoqda. U "Manchester Yunayted"ni Premer-ligada uchinchi o‘ringa olib chiqqan va jamoa kelasi mavsum Yevropa Chempionlar ligasiga yo‘llanma olishga yaqin turibdi.
Fikrlar