
Ma’mur Saidqosimov: O‘zbekistonlik hakamlar Osiyoda etakchi o‘rinlarda borishmoqda
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi mamlakatimizda hakamlik sohasini rivojlantirish, malakali hakamlarni tayyorlash va ularning saviyasini muntazam ravishda oshirib borish maqsadida bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Buning samarasi o‘laroq, o‘zbekistonlik hakamlar ko‘plab xalqaro nufuzli musobaqalarga doimiy ravishda taklif qilinishyapti. Ular Jahon chempionati, Osiyo Kubogi, Osiyo chempionlar ligasidan o‘rin olgan o‘yinlarda muvaffaqiyatli ishlab kelishmoqda.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Hakamlar va nazoratchilar departamenti direktori Ma’mur Saidqosimov bu yutuqlarning ortida mashaqqatli mehnat yotgani haqida aytib o‘tdi.
“O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan hakamlik sohasini rivojlantirish uchun bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilyapti. Jumladan, hakamlarning malakasini oshirish maqsadida ular ishtirokida turli seminarlar o‘tkazib kelinmoqda. Shuningdek, har mavsum oldidan hakamlar jismoniy testlar topshirishadi. Jismoniy testlardan o‘tolmaganlar musobaqalarga qo‘yilmaydi. Bu esa hakamlar doimiy ravishda o‘z ustilarida ishlashlari kerakligini anglatadi. Shuningdek, O‘FA yosh hakamlarni tayyorlab borishga ham katta ahamiyat qaratyapti. O‘FA Birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov bu masalani shaxsan nazorat qilib bormoqda. Hozirda Ravshan Ermatovni butun dunyo taniydi. U o‘zining mehnati va harakati tufayli butun dunyoga o‘zbek hakamlari qanday saviyaga ega ekanligini isbotlab berdi. Ravshan Ermatov ortidan bir qator tajribali hakamlar etishib chiqmoqda. Bizning vazifamiz ularni ham Ermatov darajasiga olib chiqish.
O‘tgan yili O‘FA Birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonovning topshirig‘iga asosan “Yosh hakamlar tayyorlash mezonlari” tasdiqlandi. Ana shu mezonlar asosida yosh hakamlarni tayyorlab boryapmiz. Buning natijasida hozirda ko‘plab hakamlarimiz muntazam ravishda xalqaro musobaqalardan taklif olishmoqda.
Yanvar oyida BAAda o‘tgan Osiyo Kubogida ham mamlakatimiz vakillari juda yaxshi ishlashdi. Ravshan Ermatov yordamchilari Abduhamidullo Rasulov va Jahongir Saidov bilan birgalikda bir qator muhim o‘yinlarni, jumladan, final uchrashuvini yuqori saviyada boshqardi. Bundan tashqari, hakamlarimiz Osiyo chempionlar ligasidan o‘rin olgan musobaqalarda ham muvaffaqiyatli ishlab kelishmoqda. Ravshan Ermatovdan tashqari Valentin Kovalenko, Ilgiz Tantashev, Sherzod Qosimov, Aziz Asimov, Ruslan Serazetdinov ham o‘z guruhi bilan Osiyo qit’asining klublar o‘rtasidagi nufuzli musobaqasida ish olib borishyapti. Bundan tashqari, shu yilning 22-26 mart kunlari U-23 Osiyo chempionati saralashidan o‘rin olgan uchrashuvlar butun qit’amiz bo‘ylab bo‘lib o‘tadi. O‘zbekistonlik bir qator hakamlar mazkur o‘yinlarni boshqarib borish uchun taklif olishgan.
Quvonarlisi, ayol hakamlarimiz ham erkaklar bilar bir qatorda xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishlab kelishmoqda. Ularning yuqori saviyasi OFK tomonidan munosib e’tirof etilyapti. Edita Mirobidova, Zilola Rahmatova, Anna Sidorova, Kristina Sereda ko‘plab uchrashuvlarda ish olib borishdi. Shuningdek, bo‘lg‘usi musobaqalarga ham taklif qilinishgan.
Bundan tashqari, 20-24 mart kunlari Toshkentda hakamlarimiz uchun FIFA seminari o‘tkaziladi. Seminarni tajribali hakam, FIFA instruktori Valentin Ivanov olib boradi. Seminar davomida hakamlarimiz uchun muhim ma’lumotlar berib o‘tilib, ular bilan amaliy mashg‘ulotlar ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekistonlik nafaqat iste’dodli hakamlar, balki tajribali instruktorlar ham xalqaro miqyosda faoliyat olib borishmoqda. Masalan, FIFA instruktori sifatida ishlayotgan Farhod Abdullaevni ko‘pchilik yaxshi taniydi. U o‘tgan yili Rossiyada o‘tkazilgan Jahon chempionatida, shuningdek, bu yil BAAda o‘tgan Osiyo Kubogida faoliyat yuritdi. Butun dunyo bo‘ylab tashkil qilinayotgan turli seminarlarda jahonning turli mamlakatlari hakamlariga seminar o‘tkzmoqda. Hozirda O‘FA Hakamlar va nazoratchilar departamentida faoliyat yuritayotgan Vladislav Tseytlin ham instruktorlik bo‘yicha ta’lim olim, bu yo‘nalishda ish boshlamoqda.
Shulardan kelib chiqib aytish mumkinki, o‘zbekistonlik hakamlar, hakamlar nazoratchilari va instruktorlar hozirda Osiyoda etakchi o‘rinda borishmoqda. Biz saviyali mutaxassislarimizni yanada ko‘paytirish uchun bu yo‘nalishdagi ishlarimizni davom ettiramiz”, - dedi Ma’mur Saidqosimov.
Fikrlar