Madaminov rossiyalik grossmeyster ustidan qozonilgan g‘alaba haqida fikr bildirdi

  • 08.06.2026 23:38
  • Muhammadqodir Ruzmatov
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

O‘zbekistonlik grossmeyster Muhiddin Madaminov "UzChess Cup Masters" turnirining ilk turida rossiyalik taniqli shaxmatchi Yan Nepomnyashchiyni mag‘lub etganidan so‘ng o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

Madaminovning ta’kidlashicha, partiya debut qismidayoq uning rejasi bo‘yicha rivojlangan.

"O‘zimni juda yaxshi his qilyapman. Debyutda partiya oldidan tayyorlagan variantiga ega bo‘ldim. Shuning uchun bugun juda chiroyli partiya o‘ynaganimni o‘ylayman. Debyutdan keyin tanlovlar ko‘p bo‘ldi va uzoq hisoblashga to‘g‘ri keldi. Raqibimda vaqt ko‘proq edi, ammo keyinroq tezroq va ishonchliroq harakat qilishga urindim", — dedi u.

Shaxmatchining so‘zlariga ko‘ra, hal qiluvchi pallalardan biri sifat qurbonligi imkoniyati paydo bo‘lgan vaziyat bo‘lgan. U bir nechta variantlarni chuqur tahlil qilganini va eng maqbul yo‘lni tanlaganini ta’kidladi.

Madaminovning fikricha, Nepomnyashchiyning asosiy xatosi vaqt ustunligiga qaramay juda tez o‘ynay boshlagani bo‘lgan.

"O‘sha paytda menda taxminan 20 daqiqa, unda esa 50 daqiqa vaqt bor edi. Ammo u tez qaror qabul qilishga o‘tdi va bir nechta xatolarga yo‘l qo‘ydi", — dedi o‘zbekistonlik grossmeyster.

Partiya yakunida Muhiddin raqibining ayrim yurishlarni ko‘rmay qolganini ta’kidlab, pozitsiya hal qiluvchi bosqichga kelib qolganda g‘alaba qozonishiga ishonchi ortganini aytdi.

Ma’lumot uchun, Muhiddin Madaminov "UzChess Cup Masters" turnirining birinchi turida ikki karra Jahon chempionligi da’vogari Yan Nepomnyashchiyni mag‘lub etib, musobaqaning asosiy sensatsiyalaridan biriga mualliflik qildi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!