Maktab jamoalari oʻrtasida jahon chempionatiga Osiyo saralashi start oldi

  • 08.04.2026 22:34
  • Oybek Yo’ldoshev
  • 0
  • Shaxmat

Joriy yilning, 7–10 aprel kunlari Qozog‘istonning Olmaota shahrida shaxmat bo‘yicha maktab jamoalari o‘rtasida Jahon chempionatiga Osiyo qit’asidan saralash bosqichi bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur musobaqada 19 ta davlatdan jami 26 ta maktab jamoasi ishtirok etmoqda. Unda 114 nafar sportchi g‘oliblik uchun bahs olib bormoqda.

O‘zbekiston sharafini ushbu nufuzli turnirda ikki jamoa — "Wisdom school" hamda "Al-Khwarezmi IT school" himoya qilmoqda.

Ma’lumot uchun, "Wisdom school" jamoasi joriy yilgi milliy saralash musobaqasi g‘olibi sifatida yo‘llanma olgan bo‘lsa, ""Al-Khwarezmi IT school" jamoasi FIDE komissiyasi qaroriga muvofiq nomzod jamoa sifatida ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan.

Musobaqa 8 turdan iborat bo‘lib, shveytsarcha tizim asosida rapid yo‘nalishida o‘tkazilmoqda. Vaqt nazorati — har bir o‘yinchiga 45 daqiqa va har bir yurishdan so‘ng 10 soniyadan qo‘shimcha vaqt beriladi.

Eslatib o‘tamiz, FIDE tomonidan 2026 yildan boshlab musobaqa formatiga o‘zgartirish kiritilgan bo‘lib, endilikda har bir qit’a bosqichi alohida tashkil etiladi. Saralash bosqichi g‘olibi joriy yilda o‘tkaziladigan maktab jamoalari o‘rtasidagi Jahon chempionatida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!