“Manchester Siti” futbolchisini qamab qo‘yishdi
“Manchester Siti”da oʻynagan yarim himoyachi Joy Barton insonga hujum qilish ishi boʻyicha ayblanuvchi sifatida 2027 yildagi sud jarayoniga qadar hibsda qoladi. Uning garov evaziga ozod qilinishi haqidagi iltimosi rad etildi.
Bu haqida Sky Sports xabar berdi.
44 yoshli Barton oʻtgan hafta Liverpulda sud oldida hozir boʻlishi kerak edi, ammo sud eshituvi 2027 yil mart oyiga qoldirildi.
Barton 2026 yil 8 mart kuni Kevin Linchga qasddan ogʻir tan jarohati yetkazganlik boʻyicha qoʻyilgan ayblovlarni rad etmoqda. Sudya Devid Potter Bartonni garov evaziga ozod qilish haqidagi takroriy iltimosni ham rad etdi.
Taxminlarga koʻra, hujum Barton Linch bilan golf-klubda birga spirtli ichimlik isteʼmol qilganidan keyin sodir boʻlgan.
Barton Angliya terma jamoasi safida bir marta maydonga tushgan. Shuningdek, u “Manchester Siti”, “Kuinz Park Reynjers”, “Nyukasl”, “Reynjers”, “Börnli” va “Marsel” klublarida oʻynagan.

Fikrlar