Mareska "Liverpul"ga qarshi uchrashuvdagi qizil kartochkasi sabab diskvalifikatsiya qilindi va jarimaga tortildi
"Chelsi" bosh murabbiyi Entso Mareska Angliya Premer-ligasining 7-turidagi "Liverpul"ga qarshi bahsda (2:1) maydondan chetlatilgani uchun jazolandi.
Uchrashuvning 95-daqiqasida londonliklar hujumchisi Estevao g‘alaba golini urganidan so‘ng Mareska o‘yinchilar va muxlislar bilan birga g‘alabani jadal bayram qilgani uchun bosh hakam Entoni Teylor unga qizil kartochka ko‘rsatgan.
Angliya Futbol Assotsiatsiyasi rasman xabar berdi:
"Entso Mareskaga bir o‘yinga diskvalifikatsiya va 8 ming funt miqdorida jarima tayinlandi. U "Chelsi" hamda "Liverpul" o‘rtasidagi 4 oktyabrdagi uchrashuvda o‘zining xulqi, haqoratomuz yoki qo‘pol so‘zlar ishlatgani uchun maydondan chetlatilgan. Murabbiy aybini tan oldi va standart jazoga rozilik bildirdi”.
Mazkur voqeadan keyin "aristokratlar" Entso Mareskasiz navbatdagi bahsini 18 noyabr kuni mehmon sifatida "Nottingem Forest"ga qarshi o‘tkazadi.



Fikrlar