Martines: "O‘zbekiston ustidan g‘alaba tanqidchilarga eng yaxshi javob bo‘ldi"
Portugaliya terma jamoasi bosh murabbiyi Roberto Martinez Oʻzbekistonga qarshi 5:0 hisobidagi yirik gʻalabadan keyin oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.
Mutaxassisning taʼkidlashicha, bu natija birinchi turda Kongo DRga qarshi oʻyindan keyin aytilgan tanqidlarga munosib javob boʻldi.
"Munosabat ham, mehnat ham avvalgidek edi. Asosiy farq shundaki, birinchi goldan keyin hissiyotlarimizni nazorat qila oldik. Kongo DRga qarshi bahsda goldan keyin intizomni yoʻqotgan edik. Bugun esa dastlabki rejaga sodiq qoldik va bu oʻyin taqdirini oʻzgartirdi", — dedi Martinez.
Murabbiy birinchi turdagi muammo aynan ruhiy bosim bilan bogʻliq boʻlganini ham taʼkidladi.
"Futbolchilar oʻz mahoratini koʻrsatishga ortiqcha urinardi. Shu sababli oʻyindagi tartib buzildi. Bugun esa aniq rejaga ega boʻlgan yaxshi tashkilashgan raqibga qarshi barqaror harakat qildik. Taktik intizomni saqlab qoldik va bu bizga katta yordam berdi", — dedi portugaliyalik mutaxassis.
Martinez Joau Feliksning oʻyini haqida ham fikr bildirdi.
"Faqat bitta futbolchi haqida gapirish toʻgʻri emas. Eng muhimi — barcha jamoaga yordam berishga tayyor. Joau juda yaxshi mashgʻulotlar oʻtkazdi. Bugun uning futboldan zavq olib oʻynayotganini koʻrish yoqimli boʻldi. Uning mahorati juda yuqori", — dedi murabbiy.
Portugaliya bosh murabbiyi Krishtianu Ronalduning ikki goliga ham alohida toʻxtaldi.
"Bu faqat vaqt masalasi edi. Krishtianuning jarima maydonchasidagi harakatlari markaziy hujumchi uchun namuna hisoblanadi. Bugun toʻplar darvozaga kirdi, ammo eng muhimi — u har bir oʻyinda vaziyatlar yaratadi. Bu esa hujumchi uchun eng qiyin vazifadir", — dedi Martinez.
Martinez hozircha jamoasini asosiy favoritar qatoriga qoʻshishga shoshilmayapti.
"Menimcha, hali erta. Ammo bizda juda kuchli va ahil jamoa bor. Soʻnggi kunlarda tashqi shovqinlarga eʼtibor bermaslikni oʻrgandik. Jamoada raqobat yuqori. Hatto hali maydonga tushmagan futbolchilarga ham achinaman. Birlik va jipslik qiyin paytlarda bizga yordam berdi.
Ronaldu hamma uchun namuna. U haqiqiy sardor. Bu ikki golga munosib edi. U doim vaziyatlar yaratadi, kiyinish xonasida katta masʼuliyatni oʻz zimmasiga oladi va jamoaga juda katta yordam beradi", — dedi Martinez.

Fikrlar