"Mash’al" bosh murabbiyi: "O'yinchimiz maydondan chetlatilgani­dan so'ng ko'p narsalar o'zgardi"

  • 20.03.2026 08:33
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

“Andijon” – “Mash’al” (2:0) bellashuvidan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Igor Surov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- Tushunish mumkinki, o‘yinchimiz maydondan chetlatilganidan so‘ng ko‘p narsalar o‘zgarib ketdi. Shundan keyin bir qator o‘zgarishlarni amalga oshirdik. Lekin xato tufayli gol o‘tkazib yubordik. Nima deyishim mumkin? Imkon qadar xavfli vaziyatlar yaratishga harakat qildik. Lekin o‘xshamadi. Bir vaziyatda yaxshi imkoniyat bo‘lgandi, biroq omad yuz o‘girdi. Agar o‘yin 11 ga 11 bo‘lganida butunlay boshqacha o‘yin bo‘lardi. Shunday bo‘lganida raqib ham bizga nisbatan boshqacha o‘yin ko‘rsatgan bo‘lardi.

- “Mash’al”dan ko‘p narsa kutilgandi, biroq bunday kuchsiz o‘yinni kutmagandik...

- Bizni o‘yinimiz nimasi bilan kuchsiz bo‘ldi? Bir futbolchimiz chetlatildiku.

- Shu sabab bo‘ldimi?

- Siz nima deb o‘ylaysiz? Bir o‘yinchini chetlatilishi o‘yinga salbiy ta’sir ko‘rsatadi-da. Jamoa belgilangan tizim bo‘yicha o‘ynadi, hujumlar uyushtirdi. Yaxshi harakat qilib, vaziyatlar yaratdik. Sizningcha, o‘yinimiz kuchsiz chiqdimi? Bir futbolchi kam bo‘lgan holda raqibga tengma-teng qarshilik qilish ham aslida qiyin masala. Buni kuchsiz o‘yin deb bo‘lmaydi. Bir futbolchi kamligini bildirmasdan vaziyatni ushlab turib o‘ynash oson emas. Uchrashuvni qutqarib qolishga harakat qildik.

- “Mash’al” 4 ta uchrashuvda 4 ta mag‘lubiyatga uchradi va hali gol ura olmadi...

- Albatta, buni bilib, ko‘rib turibmiz. Shunday bo‘lsa-da, bizda har bir o‘yinda imkoniyatlar bo‘lyapti. Oxiriga yetkaza olmayapmiz. Hattoki, bugungi uchrashuvda ham vaziyatlarga ega bo‘ldik. Afsuski, foydalanа olmadik. Raqib esa imkoniyatlardan foydalanib ketdi. Bu futbolda tez-tez uchrab turadi. Jamoada xarakter bor, yigitlar natija qilishga harakat qilishdi.

- Chempionat boshlanishiga yaqin “Mash’al”ga keldingiz. Jamoa siz istagan o‘yinni ko‘rsata olyaptimi?

- Meni futbolga qarashim bo‘yicha falsafam bor. Kimdir meni to‘liq, yana kimdir keyinroq tushundi. Jamoani sekundlar davomida qurib bo‘lmaydi. Uzoq davom etadigan jarayon zarur. Futbolchilarga vaqt kerak. Ularga ishonamiz, sabr ham kerak. Biz sabr qilamiz va kutamiz. O‘ylaymanki, hammasini to‘g‘rilaymiz. 

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!