"Mash’al"ning yangi murabbiyi jiddiy imtihon qarshisida, Xebay sobiq klubini jazolay oladimi? Bugun Superligada 2-davra boshlanadi
Bugun 1 avgust va Superliganing ikkinchi davrasiga rasman start beriladi. 3 kun mobaynida rejalashtirilgan 8 ta o‘yin bo‘lib o‘tadi. Yozgi tanaffus va yig‘indan kim qanday holatda qaytganligini bellashuvlar mobaynida ko‘rib boramiz. Shubha yo‘qki, bundan bu yog‘iga har bir o‘yinning ahamiyati va darajasi juda yuqori bo‘ladi.
1 avgust
20:00. “Buxoro” – OKMK
Yozgi selektsiyada tarkibiga Aziz Amonov, Toma Tabatadze kabi futbolchilarni qo‘shib olish orqali hujum chizig‘ini kuchaytirgan “Buxoro” OKMKga qarshi bahs olib boradi. Birinchi davrani qoniqarli o‘tkaza olmagan Ulug‘bek Baqoev jamoasi jiddiy raqib sanalgan OKMKni engish yo‘llarini qidirmoqda. Mirjalol Qosimov jamoasi esa doimgidek favorit maqomida. Ammo qaysi biri yozgi yig‘inni yaxshiroq o‘tkazganini balki ushbu to‘qnashuvda ko‘rib olarmiz. Albatta, bunday paytda bitta o‘yindan xulosa qilib bo‘lmaydi. Biroq ikkala jamoani ham maqsadi bor. Ikkinchi davra esa hal qiluvchi.
20:00. “Mash’al” – “Paxtakor”
Kutilmaganda yozgi yig‘in paytida bosh murabbiyini o‘zgartirgan “Mash’al” kimsan “Paxtakor”ni Muborakda qabul qiladi. “Sherlar”ni vaqtincha boshqarib, yaxshi natijalar ko‘rsatgan Kamoliddin Tojiev to‘laqonli ravishda ushbu lavozimdagi ishini davom ettiradi. Otabek Narzullaev esa “Mash’al” bosh murabbiyi sifatidagi ilk imtihoni “Paxtakor”ga qarshi uchrashuvga to‘g‘ri kelmoqda. Ko‘ramiz, tarkib va murabbiylar shtabi o‘zgartirilgan “Mash’al”ning o‘yini qanchalik o‘zgargan ekan?
2 avgust
19:00. “Neftchi” – “Bunyodkor”
Turning markaziy o‘yinlaridan biri shubhasiz Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida bo‘lib o‘tadi. Mavsum boshida tarkibi shundoq ham eng kuchligi bo‘lgan “Neftchi” yozgi selektsiyada yanada yangi, mahoratli ijrochilarni qabul qilib oldi. “Bunyodkor” Ilyos Zeytullaev boshchiligida birinchi davrani 4-o‘rinda yakunladi va yaxshi taassurot qoldirdi. Ikkinchi davrada ham “Qaldirg‘ochlar”dan ko‘p narsa kutilyapti. Birinchi davradagi bahsda ushbu jamoalar jangovar 2:2 hisobida durang qayd etishgan. Chempionlik uchun kurashayotgan “Neftchi” mavsumning ikkinchi qismida yanada katta ishtiyoq bilan kirib bormoqda. Odil Hamrobekovsiz qolgan “Bunyodkor” ham tarkibiga yangi o‘yinchilarni qo‘shib olgan. Imkoniyatlar deyarli teng, qolganini maydonda ko‘ramiz.
20:00. “So‘g‘diyona” – “Nasaf”
Birinchi davrada muxlislari kutgan natijani ko‘rsata olmagan “So‘g‘diyona” ikkinchi davra uchun tarkibini hatto birinchi davra tugmasidanoq kuchaytirishni boshlab yuborgandi. “Nasaf”dan Rubin Xebayni qo‘lga kiritgan va endi ushbu o‘yinchi ikkinchi davrani sobiq jamoasiga qarshi o‘yin bilan boshlaydi. Qiziq, u sobiq jamoasini jazolay olarmikin? Hamma vaqt “So‘g‘diyona” – “Nasaf” to‘qnashuvini kuzatish juda maroqli. Berdiev ham tarkibga yangi o‘yinchilarni taklif qildi va ular asosan legionerlar bo‘lib, nimalarga qodirligini mavsum davomida ko‘ramiz. Jizzaxdagi o‘yin harorati baland bo‘lishi shubhasiz.
21:15. “Dinamo” – “Navbahor”
Yana bir jiddiy raqiblar o‘rtasidagi o‘yin guvohiga aylanamiz. Turnir jadvalida jamoalarni faqat uch ochko ajratib turibdi. Ikkala jamoa ham yozgi yig‘inni Belarus poytaxti Minsk shahrida o‘tkazib qaytishdi. Vadim Abramov ham, Sergey Lushchan ham ochiq, hujumkor futbolni yoqtirishadi va birinchi davrada ularning jamoalari tomonidan ko‘rsatilgan o‘yin ko‘pchilikda yaxshi taassurot qoldirgan. Rosti, imkoniyatlar mutlaqo teng.
3 avgust
19:00. “Andijon” – “Qo‘qon-1912”
Ikkinchi davraning ilk turida vodiy derbisiga guvoh bo‘lamiz. Tarkibini sezilarli darajada kuchaytirishga erishgan “Andijon” “Bobur arena”da “Qo‘qon-1912” jamoasini qabul qiladi. Maksim Shatskix jamoasi uchun mavsumning ikkinchi yarmi yanada muhim. Boisi, Superligadan tashqari Osiyo Chempionlar ligasida ham qatnashadi. Shu bois tarkib kuchaytirildi va chempioanatda ham mavqeini yanada mustahkamlashi talab etiladi. Buning uchun ikkinchi davrani albatta g‘alaba bilan boshlashlari shart. Bahrom Haydarov jamoasi ham selektsiya ishlarini olib borgan holda tarkibiga Shoxruh Gadoev va yana boshqa futbolchilarni qo‘shib oldi. “Bobur arena”da ajoyib futbol muhiti hukm surishi shubhasiz.
20:00. “Sho‘rtan” – “Xorazm”
Birinchi davrani 9 ochko bilan yaqqol autsayder sifatida yakunlagan “Sho‘rtan” ikkinchi davrani G‘uzorda “Xorazm”ga qarshi uchrashuv bilan boshlaydi. Ochko yo‘qotishga mezbonlarning haqqi yo‘q. Yo‘qotiladigan har bir ochko “Sho‘rtan”ni yana pro liga tomon etaklayveradi. Shu maqsadda jamoaga yozgi transfer oynasi paytida bir qator yangi o‘yinchilar jalb etildi. Hujum chizig‘iga Po‘latxo‘ja Xoldorxonov, Jasur Hakimov singari o‘yinchilar olib kelindi. Imkoniyatlar teng baholanayotgan o‘yinda balki birinchi gol urgan jamoa yutib ketishi mumkin.
21:15. “Surxon” – “Qizilqum”
Bir-biriga munosib raqiblar to‘qnashuvi qanday natija bilan yakun topishi mumkin? Bilasiz, “Surxon”ni ko‘plab etakchi futbolchilari tark etishdi. “Qizilqum”da yo‘qotishlar u qadar ko‘p emas. Qaytanga, sifatli o‘yinchilarni oldi. Islom Kenjaboev, Asror G‘ofurov va Shoxruz Norxonov jamoa o‘yinini kuchaytirishi katta ehtimol. “Surxon” etakchilarsiz ham jamoaviy o‘yinini saqlab qola olganmi? Buni o‘yin davomida ko‘ramiz.

Fikrlar