Mashhur futbolchining yuzi falaj bo‘lib qoldi
Mavsumni Meksikaning “Monterrey” futbol klubida o‘tkazayotgan yarim himoyachisi Lukas Okampos yuzining chap tomoni falajlanishi sababli futbol o‘ynamay turadigan bo‘ldi.
Bu haqida jamoa matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, falajlanishga virus sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda. Futbolchini zarur davolash kursini belgilash uchun mutaxassis ko‘rikdan o‘tkazgan.
- Okampos 7 kun dam oladi, shundan so‘ng uning klinik holati baholanib, mashg‘ulotlarga qaytish imkoniyati aniqlanadi, - deyiladi klub bayonotida.
Okampos 2024 yildan beri “Monterrey” safida to‘p surib kelmoqda. Evropadagi faoliyati davomida u “Monako”, “Marsel”, “Jenoa”, “Milan”, “Ayaks” va “Sevilya” kabi mashhur klublarda o‘ynagan.
31 yoshli futbolchi “Sevilya” bilan ikki marta Evropa Ligasi g‘olibi bo‘lgan. Shuningdek, Okampos Argentina milliy terma jamoasi safida 12 ta o‘yinda ishtirok etib, ikkita gol ham urgan.

Fikrlar