Maydondagi professor yoxud Mixail An haqida

  • 13 avgust, 2019, 12:40
  • 0
  • Futbol

O‘zbek futbolida yangi davrni boshlab berishi mumkin bo‘lgan mamlakat futboli yulduzlaridan biri Mixail An, uning o‘yin uslubi haqida futbolning ko‘p yillik muxlislari to‘lqinlanib gapirishadi. Ayniqsa, uning maydon markazida o‘yinni nazorat qilishi va aqlli harakatlari sabab, ishqibozlar uni “professor” deb atashardi.

SSSR Oliy divizionida to‘p surgan koreys millatiga mansub ilk futbolchi

Mixail Ivanovich An 1952 yilda Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida tavallud  topdi. U o‘zi tug‘ilib o‘sgan “Sverdlov” nomidagi kolxozda futbolga ilk qadamlarini N. A. Kim i A. S. Lyanlar murabbiyligi ostida qo‘ydi. Uning futbolchi sifatida shakllanishida akasi Dmitriy Anning ham xizmatlari katta edi. Dmitriy esa o‘z vaqtida “Paxtakor” futbol maktabida Birodar Abduraimov, Hamid Rahmatullaev kabi futbolimiz afsonalari bilan o‘qigandi. Shuningdek, katta An 60-yillarda SSSR Oliy divizionida to‘p surgan koreys millatiga mansub ilk futbolchi edi.

— Mixail An bolaligidanoq o‘zining alohida qobiliyatga egaligi bilan boshqalardan ajralib turadi. Undagi eng muhim xususiyatlardan biri – bu maydonni ko‘ra olish va o‘yin tempini mohirona his qilish edi. “Misha” yil sayin futbolchi sifatida o‘sib borayotgandi. Uning xarakteridan kelib chiqib aytish mumkinki, undan ajoyib murabbiy chiqardi — deya xotirlaydi, o‘zbek futboli faxriylaridan biri, FIFA professori, bolalikda u bilan bir klubda o‘ynagan Rustam Akramov.

"Poliotdel"dan boshlangan qadam

Mixail Anning professional futbolga qo‘ygan ilk qadamlari 1968 yilga to‘g‘ri keladi. O‘shanda u Toshkent viloyatining “Poliotdel” jamoasiga qabul qilinadi.

Juda yaxshi tezlikka ega bo‘lgan, o‘yinni tezda o‘qiy oladigan, jamoadoshlarini maydon markazida qulay paslar bilan ta’minlay oladigan yosh Anni 1969 yilgi mavsumdan boshlab jamoaning o‘sha vaqtlarda boshqargan Evgeniy Borisovich Valitskiy asosiy tarkibga jalb etadi. Biroq 17 yoshli futbolchi o‘sha yili birorta uchrashuvda maydonga tushirilmaydi. Faqat 1970 yil 12 iyul kuni mehmonda Chimkentning “Metallurg” jamoasiga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda yosh Anga bahsni asosiy tarkibda boshlash imkoni beriladi. Biroq uchrashuvning 75-daqiqasida u o‘z o‘rnini o‘zidan biroz tajribaliroq bo‘lgan Aleksandr Shelochkovga bo‘shatib beradi. Taassufki, Mixail An dastlabki jamoasi tarkibida raqiblar darvozasini ishg‘ol qila olmaydi.

"Paxtakor"

1971 yilgi mavsumdan iqtidorli futbolchi faoliyatini “Paxtakor”da davom ettiradi. Jamoaning o‘sha yildagi murabbiyi, Aleksandr Andreevich Keller 19 yoshli yigitchaga u qadar yuksak ishonch bildirmaydi va An o‘tgan butun mavsum davomida atigi 10 ta uchrashuvda asosan, zaxiradan maydonga tushiriladi. Xususan, u “Paxtakor”dagi debyutini “sherlar”ning Toshkentdagi Tbilisining “Dinamo”siga qarshi o‘tkazgan bahsiga qadar kutishiga to‘g‘ri keladi. SSSR Oliy ligasining 22-turi doirasida o‘tgan ushbu uchrashuvda toshkentliklar Tbilisi jamoasi ustidan 5:1 hisobida g‘alaba qozonadi. 21 000 muxlis qarshisida o‘tgan o‘yinning 75-daqiqasida Mixail An jamoaning 3-goliga mualliflik qilgan Vyacheslav Soloxoning o‘rniga maydonga tushadi. Shu bahsdan so‘ng, yosh Mishaga ham murabbiy tomonidan ko‘proq imkoniyat taqdim etilaveradi. Umuman olganda, Mixail An 1971 yilgi mavsum davomida jami 10 ta o‘yinda 364 daqiqa harakatlanadi va o‘sha o‘yinlardanoq u muxlislar qalbidan joy egallab boraveradi. Keyingi mavsum esa qahramonimiz uchun ancha samaralari o‘tdi, deyishimiz mumkin. Xususan, 1972 yildan boshlab unga ko‘proq imkoniyat beriladi va Misha ham bu ishonchni sharaf bilan oqlab boradi. Xususan o‘sha yilning 2 mart kuni Dnepropetrovskning “Dnepr” jamoasiga qarshi o‘tkazilgan mehmondagi o‘yinni u asosiy tarkibda boshlaydi va to‘liq 90 daqiqa harakatlanadi. Afsuski, bu o‘yinda Toshkentliklardan omad yuz o‘giradi. Xususan, o‘yinning 25-daqiqasida ukrainaliklar hujumchisi Viktor Romanyuk hisobni ochgan bo‘lsa, 45-daqiqaga kelib, Birodar Abduraimov hisobni tenglashtiradi. Biroq 67-daqiqada ukrainalik hujumchining penaltini aniq amalga oshirishi oqibatida Toshkentliklar ortga boshi egik holda qaytishga majbur bo‘lishadi.

Gollarga boy o‘tgan mavsum

O‘sha yilning 17 apreliga kelib, Mixail An “Paxtakor” tarkibidagi gollari hisobini ochishga muvaffaq bo‘ladi. Nalchikning “Avtomobilist” jamoasiga qarshi o‘tkazilgan o‘yinning 35-daqiqasida u penaltidan unumli foydalanadi va toshkentliklarning ortga 1:1 hisobidagi durang natija bilan qaytishlariga o‘z hissasini qo‘shadi.  Umuman, butun o‘tgan mavsum davomida “Misha” o‘z jamoasi tarkibida 38 ta o‘yinda maydonga tushib 2 marotaba raqiblar darvozasini ishg‘ol qildi va SSSR Birinchi ligasining 30-turi doirasida Bishkekning “Alga” jamoasi bilan o‘tkazilgan o‘yinda ogohlantirildi. Mixail An butun faoliyati davomida “Paxtakor” tarkibida 233 ta o‘yinda 50 marotaba raqiblar darvozasini ishg‘ol qildi. Uning samarali uzatmalari bo‘yicha statistikasini esa afsus, aniqlashning imkoni bo‘lmadi.

Konstruktiv planda beqiyos

“Fedorov va Xadzipanagislar bilan ajoyib tandem hosil qilgan 23 yoshli Mixail An nafaqat hujumchilarni samarali paslar bilan ta’minlaydi, balki raqib darvozasiga yo‘l topishda ham ulardan sira qolishmaydi”, deyilgandi, “Spartak” klubi tomonidan 1975 yilgi mavsumda moskvaliklarning o‘yin uchun tayyorlagan dasturnomasida. Shuningdek, Moskvaning “Futbol” haftanomasining 1976 yil 20-sonida “Paxtakor o‘yinchilar tanlashda mohir klub hisoblanadi: jamoa himoyasi tajribali, o‘rta chiziqda esa konstruktiv planda beqiyos hisoblanuvchi Mixail An harakatlanadi”, deyilgandi. Ayni nashrning 1977 yil 32-sonida esa futbolchi haqida yana bir kichik ma’lumotga duch kelamiz: “Paxtakor”da hujumchilarga yumshoq va aqlli pas uzata oladigan An yordamida chiziqlar o‘rtasida juda yaxshi bog‘lam yo‘lga qo‘yilgan.”

Millimetrgacha hisoblangan paslar

1974 va 78 yillarda Mixail An mavsumning eng yaxshi futbolchilari uchligidan o‘rin oldi. U bilan 1978-79 yilgi mavsumlarda bir jamoa safida to‘p surgan Konstantin Novikov sobiq jamoadoshini xotirlar ekan, “Misha An to‘pni his qilish, maydonni ko‘ra olishi bilan hammani hayratga solardi. U to‘p bilan sheriklariga uzatgan millimetrlarigacha hisoblangan paslari bilan mo‘jiza yaratardi”, deydi.

Oilasi va bolalarni sevardi

Mixail An SSSR terma jamoasi safida 2 ta o‘yinda maydonga tushdi. Unga qadar esa 1976 yilda yoshlar o‘rtasidagi Evropa chempionatida g‘alaba qozongan jamoaning sardori edi. Uning terma jamoa safidagi yillarini yodga olar ekan, Tbilisining “Dinamo” klubi sobiq futbolchisi David Kipiani ba’zi voqealarni yodga oladi: “Biz Misha An bilan do‘st edik va yoshlar terma jamoasi safida birga to‘p surganmiz... Kichik bir detal. Biz xorijga chiqqanimizda Misha o‘zi uchun hech narsa xarid qilmasdi. Nima sotib olsa faqat bolalar uchun olardi. Agar inson bolalarni shunchalar sevsa va oilasini hurmatlasa, u ham hurmatga loyiq bo‘ladi.”

Murabbiy xotirasida

1979 yilning 11 avgustida o‘zbek futbolining asl javohirlari bu hayotdan olib ketgan aviahalokat vaqtida samolyot bortida “Paxtakor”ning boshqa a’zolari qatori Mixail An ham bor edi... “O‘sha avgustning qaynoq kunlaridan birida Misha onasini ko‘rgani keldi. Shu kuni Olmaliqning “Metallurg” jamoasiga qarshi o‘yin o‘tkazayotgan edik. Butun taym davomida u bilan ota-bolalardek, dildan suhbatlashdik. Negadir o‘shanda u bolaligidagi barcha do‘stlarini yodga oldi... Eslayman, undan Minsk safariga bormay, jarohatini davolangunicha chidashini so‘radim. U o‘ylab ko‘rishga va’da bergandi. O‘shana uni so‘nggi marotaba ko‘rib turganim xayolimga ham kelmagandi”, deya yodga oladi uni Mixailning bolalikdagi murabbiyi Aleksandr Lyan.

Tiriklikda nasib etmagan e’tirof

Bugun o‘zbek muxlislari tomonidan “professor” nomi bilan sevib yodga olinadigan futbolchining nomi tariximizdan butkul o‘chib ketganicha yo‘q. Xususan, 2006 yilda unga O‘zbekiston hukumati tomonidan “Shuhrat” ordenining taqdim etilgani ham fikrimizga dalil bo‘ladi. Nima bo‘lganda ham, tarix yangilanib boraverar ekan, hali ko‘plar Anlar o‘zbek futbolini yangi pog‘onaga ko‘tarib boraveradi.

Maqolani tayyorlash vaqtida foydalanilgan manbalar:

ru.wikipedia.org

www.rusteam.permian.ru

footballfacts.ru

koryo-saram.ru

mytashkent.uz

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!