
Maykl Foks Shohjahon Ergashevdan uchralgan mag‘lubiyatni tan oladimi yoxud Fazliddinga qanday baho berdi?
AQSh vakili Maykl Foksni o‘zbek boks muxlislari yaxshi tanishadi. Chunki u Fazliddin G‘oibnazarov va Shohjahon Ergashev bilan ringda to‘qnash kelgandi. Natijalardan esa, xabaringiz bor. Mayklni bevosita internet tarmoqlari orqali ushbu yurtdoshlarimizga bildirgan samimiy tilaklariga ko‘zimiz tushgandi. Biz ham u bilan bog‘lanib, Sports.uz sayti uchun bokschilarimiz bilan bo‘lgan janglari, ular o‘rtasidagi munosabatlar va faoliyatiga oid maxsus suhbat uyushtirdik.
- Maykl, sizga O‘zbekistondan salomlar!
- Salom. Barcha o‘zbekistonliklarga cheksiz hurmatimni etkazing!
- Sizni O‘zbekistonda yaxshi bilishadi. Sababi o‘zingizga ham yaxshi ma’lum bo‘lsa kerak?
- Albatta, buning sababini juda yaxshi bilaman. Men o‘tgan janglarimda O‘zbekistonning eng yaxshi ikki bokschisi bilan ketma-ket jang o‘tkazgan edim.
- Savollarimiz asosan yurtdoshlarimiz bilan bo‘lgan janglaringiz haqida bo‘ladi. Javob berishga tayyormisiz?
- Albatta!
- Unda boshladik... Fazliddin G‘oibnazarov va Shohjahon Ergashevni hozirga qadar faoliyatingizdagi eng kuchli raqiblar sifatida bilasizmi?
- Shubhasiz, Shohjahon men duch kelganlar orasidagi eng kuchli «pancher» edi. Fazliddin esa, texnik jihatdan mukammal. Olimpiada chempioni sifatida hamma Fazliddinni meni mag‘lub etishiga ishongan. Shu bilan birga mening ham oldimda katta mas’uliyat turgandi. Ketma-ket ikki mag‘lubiyat kelajagim uchun salbiy jihatdan jiddiy ta’sir ko‘rsatardi. Bu jangda mag‘lub bo‘lishga haqqim yo‘q edi va g‘alaba qozona oldim.
- Shohjahonning sizga tug‘dirgan noqulay jihati nimada bo‘ldi?
- Shohjahon juda kuchli zarbasi bilan birga juda tajovuzkor harakat qildi. Biz uchun uning jang uslubiga qarshi o‘ylagan rejamiz juda yaxshi edi. Ammo, g‘alaba qozonish uchun menga biroz qarshi hujumda faollik etishmadi.
- Fazliddin G‘oibnazarov bilan teng jang bo‘ldi. Lekin omad sizga kulib boqdi. Shu fikrga qo‘shilasizmi yoki boshqa izohingiz bormi?
- "Fayzi"ni mag‘lub etishimga omad sabab bo‘ldi, deb o‘ylamayman. Hakamlar jangni 96-92, 95-93 va 96-92 hisobida baholashdi. To‘g‘ri, undan ochko olib tashlandi. Ammo, o‘sha ochko qo‘shib hisoblanganda ham bu jangda hakamlarning yakdil qaroriga ko‘ra, g‘alaba qozongan bo‘lardim. «Fayzi» tezkor, uni zarba bilan tutish qiyin bo‘ldi. Biroq, bosimni kuchaytirib, uni orqaga harakatlanishiga majbur qila oldim.
- Umuman olganda, Ergashevdan mag‘lubiyatingiz va Fazliddin ustidan g‘alaba qozonishingizning asosiy omili nimada bo‘ldi?
- Ergashevga qarshi faollikning yo‘qligi… Fazliddinga qarshi ko‘proq harakat qilganim.
- G‘oibnazarovga sizdan keyingi o‘tkazgan jangida bevosita internet tarmoqlari orqali omad tilashingiz va tabrigingiz, u bilan munosabatingiz samimiy ekanliginini anglatadi. Shohjahon bilan ham iliq aloqani saqlab qolganmisiz?
- Albatta. Bizning faoliyatimiz bir-biriga o‘zaro bog‘langan. Agar qaysi birimiz muvaffaqiyatli yurish qilsak, bu hammamiz uchun yaxshi bo‘ladi. Fazliddin o‘zining so‘nggi jangida nokaut bilan, Ergashev ham, oxirgi ikki jangida nokaut bilan g‘alaba qozongan. Ikkisini ham g‘alabalari bilan tabrikladim. Boks men uchun faqat sport! Raqiblarim bilan ringdagi jangni shaxsiy hayotga ko‘chirmaganman. Shohjahon va Fazliddin ham ringda shavqatsiz jangchi va ringdan tashqaridagi hurmatga sazovor insonlardir.
- Vaznni 66 kiloga ko‘targaningizdan xabarimiz bor. Bu vaznda IBF yo‘nalishi etakchisi Qudratillo Abduqahhorov ham o‘zbekistonlik.... U haqida ma’lumotga egamisiz?
- Yaqindagina Qudratilloning o‘zbek ekanligini bildim. U ishtirokidagi janglarni hali ko‘rmaganman, lekin ba’zi to‘qnashuvlarini albatta, ko‘rib chiqaman.
- Faoliyatingiz mobaynida 22 ta jangda g‘alaba qozongansiz va ularning 5 tasidagina nokaut qayd etilgan. Bu zarba kuchingizni yanada takomillashtirish kerak deganimi yoki bu fikrga qo‘shilmaysizmi?
- O‘ylaymanki, zarba kuchim ham ideal bo‘lganida, mukammal jangchi bo‘lardim. Hozirda, imkoni boricha shuning ustida ishlamoqdaman. Ayniqsa, koronavirus ko‘plab jangchilarni ringdan uzoqlashtirdi. Ushbu pandemiyaning yaxshi tomoni shundaki, keyingi jangim oldidan o‘z ustimda ko‘proq ishlashga vaqtim bo‘ldi.
- Tomoshabin sifatida ringdagi ustunlik jihatingiz vazningizga nisbatan bo‘yingizni balandligi va qo‘llaringizni uzunligida, deyishimiz mumkin... Balki, bu borada ham biror biz uchun noodatiy bo‘lgan fikr bildirarsiz?
- Bo‘yimning balandligi shubhasiz, katta ustunligimdir… Lekin men g‘alaba qozonish uchun kerak bo‘lgan barcha narsani qilaman. Hatto, raqibimga qarshi har doim masofa saqlab turmayman. Aksincha, ba’zan raqibimga yaqinlashib, bo‘ydagi ustunligimni qurbon ham qilaman.
- Faoliyatingizdagi yagona mag‘lubiyat Shohjahon Ergashevdan qabul qilingan. Ehtimol, revansh istagida yonayotgandirsiz? Chunki, vaqti kelib, u ham vaznini bir pog‘ona ko‘tarishi mumkinku?
- Revansh ishtiyoqida yonmoqdaman, deya olmayman. Ammo, yana bir jang uchun imkoniyat paydo bo‘lsa, uni qabul qilardim. Shohjahonni hurmat qilaman va unga eng zo‘r tilaklarimni tilayman.
- Promouteringizga qay darajada ishonasiz? U sizga jiddiy janglar tashkil qilib bera oladimi?
- Promouterim PBC (El Xaymonga qarashli jahondagi eng nufuzli promouterlik kompaniyalardan biri Premier Boxing Champions) bilan yaqindan ishlaydi. Ular jiddiy janglarimni boshlash uchun qo‘llaridan kelganini qilishlariga ishonaman. Biroq, PBC o‘z bokschilaridan birortasini men bilan jang qilish uchun majbur qila olmaydi. Men WBA chempioni Mario Barrios bilan jang o‘tkazishga urindim, ammo uning jamoasi boshqalar kabi rad javobini bergan. Shu sababli o‘zbek jangchilarini juda hurmat qilaman. Ular men bilan jang qilishga va faoliyatimni davom ettirishimda yordam berishga tayyor.
- Umuman olganda, Shohjahon Ergashevni qaysidir yo‘nalishda bo‘lsa ham jahon chempionlik kamarini qo‘lga kirita olishga qodir bokschi sifatida bilasizmi?
-Uning hozirgi pozitsiyasi juda yaxshi. U «Kronk» sport zalida ajoyib jamoaga ega va unda ancha o‘sishni ko‘rmoqdaman. U zarur bo‘lgan jiddiy janglarni o‘tkazish imkoniyati berilishi bilanoq, ushbu vaznda jahon chempioni bo‘lish uchun katta potentsialga ega. Shu o‘rinda, Shohjahon qatori barcha o‘zbek bokschilariga omad tilab qolaman!
- E’tibor va samimiy javoblar uchun tashakkur!
- Har doim maroqli suhbat uchun tayyorman.
Ahmadbek EShMATOV va Jalol AHMEDOV suhbatlashdi
Fikrlar