Mbappe: «Ko‘p gol uradigan o‘yinchi jamoa uchun hech qachon muammo bo‘lmaydi»
Madridning «Real» jamoasida to‘p surib kelayotgan fransuz yulduz hujumchi Kilian Mbappe o‘z nomi atrofidagi tanqidlarga munosabat bildirdi.
Uning L'Equipe nashriga aytishicha, unga nisbatan shunchalik ko‘p tanqid bo‘lishi odatiy hol emas, ammo u bunday vaziyatga ancha vaqtdan beri ko‘nikib bo‘lgan. Mbappe ta’kidlashicha, vaqt o‘tishi bilan odamlar uning maydonda qilayotgan ishiga emas, balki faqat natijasiga ko‘proq e’tibor qarata boshlagan, chunki uning gol urishi barcha uchun oddiy holga aylangan.
«Menimcha, futbolning asosiy ma’nosi — gol urish va raqibdan ko‘proq gol urish. Doim ko‘p gol uradigan futbolchi o‘z jamoasi uchun muammo bo‘lmaydi. Hech qachon nolta gol bilan chempionlikni qo‘lga kiritgan klubni ko‘rmaganman», — dedi Mbappe.
Eslatib o‘tamiz, joriy mavsumda Kilian Mbappe «Real» safida barcha musobaqalar doirasida beshta o‘yin o‘tkazib, beshta gol muallifiga aylandi.

Fikrlar