Mbappe nega “Liverpul”ga o‘tishdan bosh tortganini aytdi
Madridning «Real» klubi hujumchisi Kilian Mbappe 2017 yilda “Monako”dan “Liverpul”ga o‘tishga juda yaqin bo‘lganini aytdi. Biroq fransuz futbolchisi yakunda “Pari Sen-Jermen”ni tanlagan.
- Men “Liverpul”ga o‘tishga yaqin edim. Onam Yurgen Kloppning katta muxlisi edi va men uchun uning eng ma’qul varianti “Liverpul” bo‘lgan. U mening o‘sha klubga o‘tishimni xohlagan.
U muzokaralarning birinchi bosqichi uchun u yerga bordi, shahar va stadionda bo‘ldi, klub xodimlari bilan tanishdi. Onam: “Bu ajoyib klub, hamma juda mehribon, bu oilaviy muhitga ega katta klub”, derdi.
Samolyotda o‘tirganimiz va Klopp o‘z loyihasi haqida gapirar ekan, u yerga bir necha bor borib-qaytganimiz esimda.
Men: “Meni ishontirishingiz shart emas. Siz – Yurgen Kloppsiz, bu esa “Liverpul”, buyuk klub. Albatta, bu yerda ekanman, demak, qiziqish bildirayapman. Ammo menda boshqa variantlar, boshqa loyihalar ham bor va ular ham yaxshi”, dedim.
Bu kulgili hikoya. Ammo yakunda men PSJga o‘tishga qaror qildim. Chunki Parijda tug‘ilib, shu yerda ulg‘aygan inson sifatida o‘z tug‘ilgan shahrimda yulduzga aylana olishimni isbotlashdan yaxshiroq narsa yo‘q edi, - deya Mbappening so‘zlarini The Athletic keltiradi.
Natijada 18 yoshli Mbappe Fransiyada qolish va faoliyatini PSJda davom ettirishga qaror qildi. Parijliklar avval hujumchini 2017/2018 yilgi mavsum uchun “Monako”dan ijaraga oldi, keyin esa uning transferini 180 million yevroga sotib oldi. Fransuz futbolchisi PSJ safida 2024 yilgacha o‘ynadi va shundan so‘ng Madridning “Real” klubiga o‘tdi.

Fikrlar