Mbappe Tchuameni va Valverde janjalidan qochib qutildi
Madridning “Real” jamoasi fransiyalik hujumchisi Kilian Mbappe jamoa ichidagi navbatdagi mojarodan keyin yana hammaning diqqat markaziga tushdi.
Ispaniyaning nufuzli Sport nashri yozishicha, Orelien Tchuameni va Federico Valverde oʻrtasida mojaro yuz bergan Valdebebasdagi mashgʻulotdan keyin Mbappe klub bazasini yaxshi kayfiyatda tark etgan. Kameralar Mbappening mashgʻulot markazi hududidan chiqib ketayotganda mashina ichida kulib oʻtirganini tasvirga olgan.
Qayd etilishicha, bu holat madridliklar ichidagi tarang muhit fonida faol muhokamalarga sabab boʻlgan. Avvalroq Tchuameni va Valverde oʻrtasidagi navbatdagi toʻqnashuvdan keyin klub rahbariyati shoshilinch jamoa yigʻilishini tashkil qilgani xabar qilingan edi.
Manba maʼlumotiga koʻra, Mbappe jamoaviy uchrashuvdan keyin bazani birinchi boʻlib tark etgan futbolchilardan biri boʻldi. Xabar qilinishicha, Kilian tibbiy koʻrikdan oʻtgan va «Barselona»ga qarshi oʻyinda maydonga qaytishga yaqin turibdi.
Shuningdek, ispan OAV Mbappe Fransiya terma jamoasidagi faoliyatidan buyon Tchuameni bilan yaxshi munosabatda ekanini taʼkidlamoqda. Avvalroq matbuotda har ikki futbolchi Didye Deshamning madridliklar bosh murabbiyi etib tayinlanishi ehtimoliga ijobiy qarashi haqida maʼlumotlar chiqqan edi.
Bundan tashqari, soʻnggi kunlarda Mbappe jamoa uchun muhim boʻlgan mavsum pallasida Italiyaga sayohati sabab muxlislar va OAV tanqidiga uchragan edi.

Fikrlar