Mbappe xitoy xalqidan uzr so'radi
O‘ylamay gapirib qo‘yibdi
Madridning "Real" klubi va Frantsiya terma jamoasi hujumchisi Kilian Mbappe o‘z surati tushirilgan internet-memlar haqida aytgan so‘zlari ortidan kelib chiqqan mojaro uchun Xitoy xalqiga rasman uzr so‘radi.
Xitoy ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, futbolchi yaqinda bergan intervyusida sevimli internet-memlari haqida gapirar ekan, Xitoyga nisbatan haqoratli deb baholangan izohlar bergan. G‘arb nashrlari yozishicha, Mbappe hazil tarzida aytgan izohi Xitoy tarixidagi siyosiy arboblardan biri bilan bog‘liq memga tegishli bo‘lgan. Mazkur voqeadan so‘ng Xitoyning bir nechta yirik kompaniyalari futbolchi bilan tuzilgan reklama va hamkorlik shartnomalarini bekor qildi.
Xitoy Markaziy televideniyesi (CCTV)ga qarashli barcha yangiliklar ilovalari esa Mbappega oid materiallarni platformalaridan olib tashladi. Kelib chiqqan vaziyat fonida Ispaniya La Ligasi prezidenti Xavyer Tebas ham Xitoy xalqidan Mbappe bayonotlari tufayli yetkazilgan ranjish uchun uzr so‘radi.
Futbolchining o‘zi esa ijtimoiy tarmoqda chop etgan murojaatida quyidagilarni yozdi: «Yaqinda bergan intervyumda men haqimdagi internet-memlarga munosabat bildirgan edim. Mening sharhim o‘ylamay aytilgan bo‘lib, hozir tushunib turibmanki, u Xitoyda va butun dunyo bo‘ylab yashovchi xitoyliklarning ko‘pchiligiga og‘ir botgan. So‘zlarimdan ranjiganlarning barchasidan uzr so‘rayman. Mening mutlaqo bunday niyatim bo‘lmagan. Xitoy xalqi va uning tarixini chuqur hurmat qilaman va bo‘lib o‘tganidan chin dildan afsusdaman», — deb yozdi Mbappe ijtimoiy tarmoqda.

Izohlar (0)